"My Insurance" Aksiyadorlik Jamiyati Sug‘urta Tashkiloti
"Garovga qo‘yilayotgan transport vositasini sug‘urtalash"
QOIDALARI

1-BO‘LIM. UMUMIY SHARTLAR

1.1. Mazkur «Garovga qo‘yilayotgan transport vositasini sug‘urtalash» sug‘urta qoidalari (keyinchalik matnda – Sug‘urta qoidalari deb yuritiladi) «MY-INSURANCE» AJ ST (keyinchalik matnda – Sug‘urtalovchi deb yuritiladi) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga asosan ishlab chiqilgan bo‘lib, «HAMKORBANK» ATB (keyinchalik matnda – Naf oluvchi deb ataluvchi) mijozlariga Umumiy sug‘urta sohasining 3-klassi bo‘yicha «Garovga qo‘yilayotgan transport vositasini sug‘urtalash» shartnomasi (polisi) doirasida sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish tartib va shartlarini belgilaydi.

1.2. Ushbu Sug‘urta qoidalarida nazarda tutilgan shartlarga va/yoki qo‘shimcha kelishilgan ushbu Sug‘urta qoidalarining ajralmas qismi bo‘lgan shartlar, istisnolar va ilovalarga muvofiq Sug‘urtalovchi sug‘urta hodisasi yuz berganida Sug‘urta qildiruvchiga (Qarz oluvchiga yoki mazkur Sug‘urta qoidalari foydasiga tuzilgan boshqa shaxsga) sug‘urta tovonini to‘lash orqali yetkazilgan zarar o‘rnini quyida ko‘rsatilgan tartibda va hajmda qoplash majburiyatini oladi, shu shart bilanki, bunda Sug‘urta qildiruvchi ushbu Sug‘urta qoidalarda ko‘rsatilgan miqdorda, tartibda va muddatda sug‘urta mukofotini to‘lash majburiyatini oladi.

1.3. Mazkur sug‘urtalash qoidalariga asosan garovga qo‘yilgan transport vositasiga (TV) egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf qilish bilan bog‘liq Qarz oluvchining mulkiy manfaatlari sug‘urta obyekti hisoblanadi.

Bunda mazkur mulkiy manfaatlarga ushbu Sug‘urta qoidalarida sanab o‘tilgan tavakkalchiliklardan bevosita yuz bergan sug‘urta hodisasi yuzaga kelganida zarar yetkazilishi mumkin.

1.4. Sug‘urta qildiruvchi / Naf oluvchi Sug‘urtalovchiga taqdim etgan hujjatlar va ma’lumotlar (Ariza-so‘rovnoma, garov va kredit, qarz shartnomalari nusxalari, Sug‘urta qildiruvchining / Naf oluvchining hujjatlari) ushbu Sug‘urta qoidalariga asosan berilgan tegishli Elektron sug‘urta polisining ajralmas qismi ekanligini, shuningdek ular ko‘rsatilgan hujjatlar va ma’lumotlar ishonchli hamda haqiqatga to‘g‘ri keluvchi ma’lumotlarga ega ekanligini tasdiqlaydilar.


2-BO‘LIM. ATAMALAR

Ushbu Sug‘urta qoidalarida quyidagi mazmundagi atamalardan foydalaniladi:

2.1. Kredit (qarz) shartnomasi – ushbu Sug‘urta qoidalariga asosan rasmiylashtirilgan Elektron sug‘urta polisida ko‘rsatilgan fuqarolik-huquqiy shartnomasi bo‘lib, unga ko‘ra Sug‘urta qildiruvchi Qarz oluvchiga Kredit shartnomasida nazarda tutilgan miqdorda va shartlarda pul mablag‘larini (kredit) taqdim etish majburiyatini oladi, Qarz oluvchi esa olingan pul mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarish va u bo‘yicha foizlarni to‘lash majburiyatini oladi.

2.2. Elektron sug‘urta polisi – Sug‘urtalovchining sug‘urta tovoni to‘lash bo‘yicha majburiyatlari kuchga kirganligini tasdiqlovchi, Sug‘urta qildiruvchiga sug‘urta mukofoti to‘langandan keyin beriladigan hujjat. (Mazkur sug‘urta qoidalariga 1-Ilova)

2.3. Sug‘urta qiymati – Sug‘urta shartnomasini tuzish paytida taraflarning kelishuviga ko‘ra aniqlanadigan, sug‘urta manfaati bilan bog‘lanadigan mol-mulk qiymati (FK 935m).

2.4. Sug‘urta puli – Sug‘urtalovchining Elektron sug‘urta polisi bo‘yicha majburiyatlari hajmining chegarasini aks ettiruvchi pul mablag‘lari miqdori.

2.5. Sug‘urta mukofoti – Sug‘urta qildiruvchi tomonidan Sug‘urtalovchiga ushbu Qoidalar bilan kelishilgan tartib va muddatda to‘lashi shart bo‘lgan sug‘urta uchun to‘lov.

2.6. Sug‘urta hodisasi – amalda yuz bergan va ushbu Sug‘urta qoidalarida nazarda tutilgan hodisa bo‘lib, u yuz berishi bilan Sug‘urtalovchining ushbu Sug‘urta qoidalari shartlariga muvofiq sug‘urta tovonini to‘lash majburiyati yuzaga keladi.

2.7. Sug‘urta tovoni – sug‘urta hodisasi yuzaga kelishi natijasida Sug‘urta qildiruvchiga yetkazilgan zararni qoplash hisobiga Sug‘urtalovchi tomonidan sug‘urta puli chegarasida Sug‘urta qildiruvchiga to‘lanadigan pul mablag‘lari.

2.8. Kreditning maqsadli ishlatilishi – Qarz oluvchi kredit mablag‘laridan kredit shartnomasida keltirilgan maqsadda foydalanishi.

2.9. Sug‘urta davri – ushbu Sug‘urta qoidalariga asosan sug‘urta amal qiladigan vaqt davri bo‘lib, Sug‘urta davrining boshlanishi va tugashi vaqti Elektron sug‘urta polisida ko‘rsatiladi.

2.10. Sug‘urta qilingan transport vositasi (keyinchalik matnda va boshqa bandlarda TV deb yuritiladi) – Qarz oluvchi yoki garovga qo‘yuvchi nomiga hujjat bilan rasmiylashtirilgan va kredit mablag‘lari ta’minoti sifatida garovga olingan transport vositasi bo‘lib, unga nisbatan ushbu Sug‘urta qoidalari shartlariga muvofiq sug‘urta qamrovi amal qiladi.


3-BO‘LIM. SUG‘URTA HODISASI

3.1. Sug‘urtalovchi mazkur Qoidalarga asosan sug‘urtalangan TV ga sug‘urta himoyasini bilvosita quyidagi qaltisliklar natijasida, belgilangan sug‘urta xududda sug‘urta hodisasi sodir bo‘lganda taqdim etadi:

 yo‘l-transport hodisasi;

 yong‘in, portlash, yashin urishi;

 suv bosishi, bo‘ron, kuchli shamol, dovul, yomg‘ir, do‘l, qalin qor yog‘ishi, sel;

 zilzila, yer siljishi, ko‘chki;

 predmetlarning qulashi/urilishi;

 uchinchi shaxslarning noqonuniy harakatlari.

Mazkur Qoidalar bo‘yicha cug‘urta xudud - O‘zbekiston Respublikasi xududi.

3.2. Maxsus qo‘shimcha shart:

Ushbu Qoidalar bo‘yicha tomonlar mustaqil qismlar, tizimlar, bog‘lovchi qismlar, moslamalarga (olib qochishga qarshi uskunalar, avtomagnitolalar, ovoz kuchaytirgichlar, karnaylar/dinamiklar, sport diskalari, har qanday turdagi antennalar va h.k.) yetkazilgan zarar, agar ular ishlab chiqaruvchi tomonidan o‘rnatilmagan, sug‘urtalangan TV to‘plamiga kiritilmagan yoki ushbu Qoidalarga asosan Elektron sug‘urta polisida qo‘shimcha jihoz sifatida sug‘urtalanmagan bo‘lsa, ko‘rilgan zarar ushbu Qoidalar bo‘yicha qoplab berilmaydi.


4-BO‘LIM. ISTISNOLAR

4.1 Sug‘urtalovchi, sug‘urta hodisasi quyidagilar oqibatida yuzaga kelgan bo‘lsa, sug‘urta tovonini va sug‘urta pulini to‘lashdan ozod qilinadi:

yadro portlashi, radiatsiya yoki radioaktiv zaharlanish ta’sirida;

harbiy harakatlar va manyovrlar.

Sug‘urtalovchi sug‘urtalangan TV davlat organlarining farmoyishi va sud qaroriga muvofiq olib qo‘yilishi, musodara qilinishi, rekvizitsiya qilinishi, xatlanishi yoki yo‘q qilib tashlanishi oqibatida ko‘rilgan zarar uchun sug‘urta tovonini to‘lashdan ozod qilinadi (FK 954m).

4.2. Ushbu Qoidalar bilan quyidagi shart-sharoitda sug‘urtalangan TV ga yetkazilgan zararlar qoplanmaydi va sug‘urta hodisasi deb hisoblanmaydi:

a) sug‘urtalangan TV ixtiyorida bo‘lgan Sug‘urta qildiruvchi/Haydovchining yoki Naf oluvchining sug‘urta hodisasi sodir bo‘lishiga yo‘naltirilgan, qasddan qilgan harakatlari, o‘z fuqarolik burchini ado etish yoki Sug‘urta qildiruvchi/Haydovchi yoki uchinchi shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i, nomusi va qadr-qimmatini himoya qilish bilan bog‘liq harakatlar bundan mustasno;

b) Sug‘urta qildiruvchi va/yoki Naf oluvchi tomonidan sug‘urtalangan TV haqida avvaldan yolg‘on ekanligi ma’lum bo‘lgan ma’lumotlarni xabar qilinishi;

v) sug‘urtalangan TVni mastlik holatida (alkogol, giyohvand moddalar iste’mol qilgan), sezgirlik va e’tiborni susaytiradigan dori-darmonlar ta’sirida, yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soladigan darajada boshqarishi;

g) sug‘urtalangan TVni boshqargan shaxsning belgilangan tartibda alkogolli ichimlik, giyohvandlik moddalar hamda sezgirlik va e’tiborni susaytiradigan dori-darmonlar ta’sirida yoki o‘zgacha tarzda mastlik/boshqa holatlarni aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan ongli ravishda bo‘yin tovlashi va/yoki xodisa sodir bo‘lgandan keyin o‘tkazilgan mastlik/boshqa xolatlarini aniqlash tekshiruvi bo‘yicha tibbiy xulosani mavjud emasligi yoki uni taqdim qilmaslik;

d) TV dan foydalanish shartlarini (yo‘riqnoma, ekspluatatsiya qoidalari, qo‘llanma), yong‘in xavfsizligi qoidalarini, yonuvchan va portlovchi moddalar va buyumlarni tashish qoidalarini buzilishi;

ye) TV dan boshqarishni o‘rgatish yoki musobaqa va sinovlarda qatnashishda foydalanishi;

yo) Sug‘urta qildiruvchi/Naf oluvchi/Haydovchi yoki sug‘urtalangan TV dan foydalanish yoki uni boshqarishga ishonib topshirilgan shaxs tomonidan firibgarlik harakatlari yoki har qanday yolg‘onchilik;

j) Sug‘urtalangan nosoz TV dan foydalanish, bunda sug‘urtalangan TVni soz yoki nosoz holatini aniqlash uchun vakolatli idora tomonidan berilgan ekspert xulosa mavjud emasligi yoki uni taqdim qilmaslik;

z) temir yo‘lni kesib o‘tish qoidasini buzishi, shu jumladan svetoforning ta’qiqlovchi chirog‘idan ongli ravishda o‘tish yoki belgilangan yo‘nalishga qarama-qarshi harakatlanishi va shu jumladan chiqib ketishi natijasida hodisa sodir bo‘lishi;

i) O‘zbekiston Respublikasi Yo‘l harakati qoidalarinining 78, 79, 80, 81 bandlarida ko‘rsatilgan transport vositalarning tezlik harakati qoidasini buzishi va quvib o‘tish qoidasini buzish, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik va yo‘l-transport hodisasi qoidalarni buzgan holda ongli ravishda hodisa yuz bergan joydan o‘z ixtiyoriga ko‘ra ketib qolishi;

k) Sug‘urtalovchining vakili tomonidan Elektron sug‘urta polisi taqdim etilgunga qadar amalga oshirilgan monitoring xulosasida keltirilgan nosozligi yoki nuqsonlari;

l) sug‘urtalangan TV ni O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq transport vositalarini boshqarish uchun huquqi va ruxsati (haydovchilik guvohnomasi, majburiy fuqarolik javobgarlik Elektron sug‘urta polisi, ishonchnoma va v.h.) bo‘lmagan shaxs tomonidan boshqarilishi;

m) Mazkur Qoidalarning 7.2-qismi ye) bandida keltirilgan majburiyatlar bajarilmagan bo‘lsa.

n) Agar zarar miqdori sug‘urta voqeasida aybdor tomonidan to‘liq qoplangan bo‘lsa va/yoki qoplanadigan bo‘lsa, Sug‘urta qildiruvchi/Naf oluvchiga sug‘urta tovoni to‘lanmamydi.

o) Yo‘l transport xodisasi sodir bo‘lganda Qarzdor/Xaydovchi tomonidan ushbu sodir bo‘lgan xodisa bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi vazirlar mahkamasining 2021 yil 27 sentyabrdagi 609-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish qoidalariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar” ga asosan “Yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xabarnoma” (Yevroprotokol) tartibi bo‘yicha rasmiylashtirilishi.

4.3. Ushbu Qoidalar bo‘yicha g‘ildiraklarning va/yoki shinalarning qatnov yo‘lining notekisligi yoki yomon holati, o‘tkir buyumlarni bosishi va v.h. sababli zararlanishi, agar bu sug‘urtalangan TV ni shikastlanishi yoki nobud bo‘lishiga olib kelmasa, qoplanmaydi.

4.4. Maxsus istisnolar:

Quyidagilar sug‘urta hodisalari deb tan olinmaydi:

a) TV ni, uning alohida qismlari va bog‘lovchi qismlarini ulardan foydalanish va/yoki foydalanmaslik oqibatida tabiiy eskirishi;

b) sug‘urtalangan TV tovar ko‘rinishi (qiymati)ning yo‘qotilishi va ishlab chikaruvchi zavod yo‘l qo‘ygan nuqson;

v) Sug‘urta qildiruvchi/Naf oluvchining sug‘urtalangan TV ni takomillashtirish bilan bog‘liq xarajatlari;

g) Sug‘urta qildiruvchi/Naf oluvchi/Haydovchi TV dan foydalanish qoidalarini buzishi bilan bog‘liq xarajatlar.

d) Javobgar shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlarni berishni rad qilish;

ye) Ushbu bilan Qoidalar bo‘yicha sug‘urta hodisasi yoki har qanday zarar va/yoki ob-havo omillari ta’siri oqibatida sug‘urtalangan TV tovar ko‘rinishini yo‘qotishi.

Agar zarar mikdori o‘rnatilgan franshiza miqdoridan oshmasa, Sug‘urtalovchi sug‘urta tovoni to‘lovidan ozod bo‘ladi. Franshiza miqdori zarar miqdoridan kam bo‘lsa, sug‘urta tovoni to‘lanayotganda franshiza miqdori to‘lanishi lozim bo‘lgan sug‘urta tovonidan chegirib qolinadi.

Sug‘urtalovchi ushbu Qoidalarda ko‘rsatilmagan va/yoki tavsiflanmagan har qanday majburiyatga nisbatan o‘z zimmasiga majburiyat olmaydi. Sug‘urtalovchi O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlarda ham sug‘urta tovoni to‘lovidan ozod bo‘ladi.


5-BO‘LIM. SUG‘URTA PULI, SUG‘URTA MUKOFOTI

5.1. Mazkur Qoidalarga asosan sug‘urta puli sug‘urtalashga qabul qilinayotgan TVning haqiqiy qiymati doirasida belgilanadi.

5.2. Mazkur Qoidalarga ko‘ra Elektron sug‘urta polisi bo‘yicha sug‘urta mukofoti yillik hisoblanadi va 2-ilovada belgilangan tariflar miqdorida belgilanadi.

5.3. Sug‘urta mukofoti Sug‘urta qildiruvchi tomonidan u Ariza-so‘rovnomani Sug‘urtalovchiga taqdim etgan kundan e’tiboran 3 (uch) kun ichida bir yo‘la va to‘liq hajmda to‘lanishi lozim.

5.4. Ushbu Qodilar bo‘yicha barcha o‘zaro hisob-kitoblar so‘mda amalga oshiriladi.


6-BO‘LIM. MAJBURIYATNING KUCHGA KIRISHI VA AMAL QILISH MUDDATI

6.1. Ushbu Qoidalarga asosan Elektron sug‘urta polisi sug‘urta mukofoti yoki uning birinchi qismi to‘langandan keyin kuchga kiradi va ushbu Elektron sug‘urta polisida ko‘rsatilgan muddat mobaynida amalda bo‘ladi.

6.2. Sug‘urta mukofoti yoki uning qismi to‘langan vaqt bo‘lib Sug‘urtalovchi yoki uning Sug‘urta agentining bank hisob raqamiga pul mablag‘lari kelib tushgan kun hisoblanadi.

6.3. Ushbu Qoidalar bilan shartlashilgan shartlarda sug‘urta mukofoti sug‘urtalovchining hisob raqamiga kelib tushgandan keyin sodir bo‘lgan sug‘urta hodisalariga nisbatan qo‘llaniladi va Elektron sug‘urta polisida ko‘rsatilgan sug‘urta muddati mobaynida amalda bo‘ladi.

6.4. Kredit shartnomasi/kelishuvining muddati uzaytirilgan taqdirda Elektron sug‘urta polisining muddati qo‘shimcha kelishuv tuzish va tegishli qo‘shimcha sug‘urta mukofotini to‘lash yo‘li bilan uzaytirilishi mumkin.

6.5. Elektron sug‘urta polisi amaldagi sug‘urta faoliyati qonunchiligi talablari doirasida rasmiylashtiriladi hamda sug‘urta mukofoti/uning birinchi/navbatdagi badali Sug‘urtalovchining bank hisob raqamiga kelib tushgandan keyin zudlik bilan onlayn rejimda Sug‘urta qildiruvchiga/Naf oluvchiga taqdim etiladi. Sug‘urta mukofoti to‘liq to‘lanmagan taqdirda Elektron sug‘urta polisi sug‘urta mukofotining to‘langan qismiga mutanosib davr uchun beriladi.

6.6. Sug‘urta qildiruvchi Naf oluvchi oldidagi kreditni so‘ngdirish bo‘yicha majburiyatlarini to‘liq hajmda bajargan taqdirda Sug‘urta qildiruvchining o‘zi Naf oluvchi bo‘lib hisoblanadi hamda Elektron sug‘urta polisi amal qilish muddatining yakuniga qadar kuchda qolda.


7-BO‘LIM. TOMONLARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI

7.1. Ushbu Qoidalar amalda bo‘lgan muddatda:

7.1.1. Sug‘urta qildiruvchi/Naf oluvchining huquqlari:

a) sug‘urta muddati mobaynida sug‘urta masalalari bo‘yicha sug‘urtalovchining maslahatlarini olishi;

b) sug‘urta hodisasi sodir bo‘lganda sug‘urtalovchidan sug‘urta tovonini olishi;

v) sug‘urta hodisasi sodir bo‘lganda mustaqil tekshiruv o‘tkazilishini talab qilishi;

g) qo‘shimcha kelishuv tuzish yo‘li bilan sug‘urtalovchi bilan kelishgan holda sug‘urta qoidalariga/polisiga o‘zgarishlar va (yoki) qo‘shimchalar kiritishi;

d) sug‘urtalovchi xabardor qilinishi sharti bilan shartnomani bekor qilishi;

7.2. Sug‘urta qildiruvchi/Naf oluvchining majburiyatlari:

a) Sug‘urta polisi olingunga qadar mazkur sug‘urta qoidalarining 3-Ilovasiga muvofiq Ariza rasmiylashtirish;

b) ushbu Qoidalarda ko‘rsatilgan voqea sodir bo‘lsa, darhol, lekin sug‘urta qildiruvchi yoki naf oluvchi voqea sodir bo‘lganligini bilgan paytdan boshlab 3 (uch) ish kunidan kechiktirmay sug‘urtalovchini bu haqda xabardor qilishi;

v) sug‘urta tovoni haqidagi talabni ko‘rib chiqish uchun sug‘urtalovchiga ushbu sug‘urta qoidalarining 9-bo‘limida ko‘rsatilgan barcha hujjatlarni taqdim etishi;

g) sug‘urta shartnomasini tuzayotganda sug‘urta hodisasi sodir bo‘lishi ehtimolini aniqlash uchun sezilarli ahamiyatli ega unga ma’lum barcha tafsilotlarni xabar qilishi. Sezilarli bo‘lib sug‘urta qildiruvchi, naf oluvchi va sug‘urtalovchi tomonidan sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilgan tafsilotlar hisoblanadi;

d) sug‘urta mukofotini o‘z vaqtida to‘lashi;

ye) TV ni ko‘rikdan o‘tkazish imkoniyatini taqdim etishi;

j) darhol, lekin 15 kalendar kunidan kechiktirmay sug‘urtalovchiga, Elektron sug‘urta polisi amalda bo‘lgan davr mobaynida sug‘urta obyektiga taalluqli, sug‘urta qaltisligiga sezilarli ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar, shu jumladan quyidagilar haqida xabar berishi:

- TV ni ijaraga (vaqtincha foydalanishga) yoki ishonchnoma orqali boshqarishga berilishi;

- TV ga bo‘lgan mulkdorlik huquqi boshqa shaxsga o‘tishi;

- TV dan ariza so‘rovnomada ko‘rsatilgan foydalanish maqsadlarining o‘zgarishi;

- TV ga qo‘shimcha gaz uskunalarining o‘rnatilishi;

- TV sug‘urta davrida YXH idoralarida ro‘yxatga olinishi yoki qayta ro‘yxatga olinishi;

7.2.1. TV o‘g‘irlanganda:

a) huquqni muhofaza qilish idoralariga sodir bo‘lgan voqea haqida darhol xabar berishi;

b) darhol, lekin voqea sodir bo‘lgan paytdan boshlab 72 soatdan kechiktirmay sug‘urtalovchi yoki uning vakillariga voqea joyini ko‘rsatgan holda og‘zaki xabar berishi. Xabar berilgandan keyin 3 (uch) ish kuni mobaynida sug‘urta qildiruvchi sug‘urtalovchiga pochta orqali yoki faks orqali voqea sabablari va tafsilotlarini ko‘rsatilgan yozma shakldagi xabarnomani xam yuborishi mumkin;

v) sug‘urtalovchiga jinoiy ish qo‘zg‘atilganligi yoki to‘xtatilganligi yoki sudga oshirilganligi haqidagi qarorning tergov idoralari tomonidan tasdiqlangan nusxasini taqdim etishi.

7.2.2. YTH, portlash, jismlar zarbasi, uchinchi shaxslarning noqonuniy harakatlari, tabiiy ofatlar natijasida TV nobud bo‘lgan yoki zararlangan taqdirda:

a) YHX idoralariga sodir bo‘lgan vokea haqida darhol xabar berish bilan birgalikda vokea haqida bayon yoki YTH bo‘yicha voqea joyida ma’muriy dalolatnoma tuzdirishi;

b) ushbu Qoidalarga muvofiq sug‘urtalovchiga tegishli xabarnomani berishi;

v) zararlangan TV ni sug‘urtalovchi vakiliga ko‘rikdan o‘tkazish uchun taqdim etishi, TV ning barcha zararlangan qismlarini foto va video suratga tushirishi va ta’mirlash ishlarini boshlashdan avval sug‘urtalovchi bilan o‘zining keyingi harakatlarini og‘zaki ravishda kelishib olishi;

g) TV ga yetkazilgan zarar miqdorini baholash haqidagi hisobotini va barcha ishlar, ehtiyot qismlar va materiallar ko‘rsatilgan ta’mirlash hisob-kitobini sug‘urtalovchiga taqdim etishi;

d) sug‘urtalovchiga jinoiy ish qo‘zg‘atilganligi, to‘xtatilganligi yoki sudga oshirilganligi haqida qarorning tergov idoralari tomonidan tasdiqlangan nusxasini taqdim etishi;

ye) sug‘urtalovchining yozma roziligisiz majburiyatlarni yoki to‘lov kafolatlarini o‘z zimmasiga olmaslik;

yo) kredit shartnomasi muddati uzaytirilganligi haqida sug‘urtalovchiga xabar berishi va uzaytirilgan muddatga mutanosib ravishda qo‘shimcha sug‘urta mukofotini to‘lashi.

7.2.3 Agar sug‘urta qildiruvchining majburiyatlari foydasiga sug‘urta shartnomasi tuzilgan shaxs tomonidan bajarilmagan bo‘lsa, sug‘urta shartnomasini naf oluvchi foydasiga tuzilishi sug‘urta qildiruvchini shartnoma (polis) bo‘yicha majburiyatlardan ozod etmaydi.

7.3. Sug‘urtalovchining huquqlari:

a) sug‘urta qildiruvchi va naf oluvchidan sug‘urta shartnomasi (polis) bo‘yicha majburiyatlar bajarilishini talab qilishi;

b) sug‘urta qildiruvchi yolg‘on ma’lumotlarni xabar qilsa, Elektron sug‘urta polisini haqiqiy emas deb topilishini va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralar qo‘llanilishini talab qilishi. Sug‘urta qildiruvchi yolg‘on xabar qilingan tafsilotlar bartaraf bo‘lgan bo‘lsa, sug‘urtalovchi Elektron sug‘urta polisini haqiqiy emas deb topilishini talab qilishga haqli emas;

v) sug‘urta hodisasi sodir bo‘lishi ehtimolini kamaytirishga yo‘naltirilgan oldini olish choralarini o‘tkazishi;

g) sug‘urta hodisasi sodir bo‘lishi qaltisligi darajasini tavsiflovchi qo‘shimcha hujjatlarni talab qilishi. Qaltislik darajasi Elektron sug‘urta polisi amalda bo‘lgan davrda o‘zgargan taqdirda;

d) sug‘urta qildiruvchi va naf oluvchi tomonidan taqdim etilgan hujjat va axborotni haqiqiy va xolis ekanligini, shuningdek sug‘urta qoidalari shartlari sug‘urta qildiruvchi tomonidan bajarilayotganligini tekshirishi;

ye) sug‘urta qildiruvchi va (yoki) haydovchi va (yoki) naf oluvchi tomonidan taqdim etilgan barcha ishlar, ehtiyot qismlar va materiallar ko‘rsatilgan moddiy zararni baholash bo‘yicha hisobotini, mutaxassis fikrini qayta baholatishi va (yoki) ekspertizadan o‘tkazishi;

yo) quyidagi holatlarda sug‘urta tovoni to‘lovini rad etishi mumkin, agar sug‘urta qildiruvchi va (yoki) naf oluvchi:

- sodir bo‘lgan voqeaning bo‘lganligi, tavsifi va sabablarini aniqlash uchun zarur hujjatlar va ma’lumotlarga ega bo‘la turib ularni sug‘urtalovchiga taqdim etmasa;

- Elektron sug‘urta polisidan naf olish uchun aldovchi vositalar va uslublar qo‘llasa,

- zarar yetkazgan shaxsga nisbatan da’vo qilishdan yoki unga nisbatan talab qilishni ta’minlovchi huquqdan voz kechsa yoki regress talabini qo‘yish uchun zarur hujjatlarni sug‘urtalovchiga taqdim etishdan bosh tortsa;

j) sug‘urta qaltisligi yuzaga kelganligi xabar qilingan kundan e’tiboran 15 kun ichida zarur hujjatlar taqdim etilmasa;

z) TVga yetkazilgan zarar (shikast) Qoidalarda ko‘rsatilgan hodisalar natijasida vujudga kelmasa sug‘urta qoplamasini to‘lash rad etiladi.

i) jabrlanuvchi yetkazilgan zarar miqdorini javobgardan to‘liq miqdorda qabul qilib olgan taqdirda sug‘urtalovchi sug‘urta tovonini to‘lashni rad qilish huquqiga ega.

y) Regress tartibida sug‘urta puli (undirilganda) undirish belgilanganda, qarzdorning hisob varag‘idan akseptsiz tartibida pul mablag‘lari undirib olinadi.

7.4. Sug‘urtalovchining majburiyatlari:

a) sug‘urta qildiruvchiga oferta taqdim qilish;

b) sug‘urta qildiruvchiga Elektron sug‘urta polisini kelishilgan sug‘urta mukofoti yoki uning birinchi (navbatdagi) qismi to‘langandan keyin taqdim etishi;

v) sug‘urta hodisasi sodir bo‘lganda sug‘urta qildiruvchi va (yoki) naf oluvchi va (yoki) garovga qo‘yuvchiga ushbu Qoidalar bilan belgilangan tartib va muddatda sug‘urta tovoni to‘lovini amalga oshirishi;

g) sug‘urta qildiruvchi va naf oluvchini sug‘urta tovoni to‘lovi rad etilganligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan muddatda yozma shaklda xabardor qilishi;

d) Elektron sug‘urta polisi amalda bo‘lgan davrda sug‘urta qildiruvchi va naf oluvchidan olingan axborotning maxfiyligini ta’minlash, sug‘urtalovchi O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq davlat idoralariga axborot taqdim etishi shart bo‘lgan holatlar yoki axborotni oshkor qilish uchun uning egasidan yozma ruxsat olingan holatlar bundan mustasno.


8-BO‘LIM. SUG‘URTA DA’VOSINI KO‘RIB CHIQISH

8.1. Sug‘urtalovchidan sug‘urta tovonini to‘lash bo‘yicha talabga asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan voqea sodir bo‘lsa, Sug‘urta qildiruvchi/Naf oluvchi/Haydovchi quyidagilarni amalga oshirishi shart:

- darhol sodir bo‘lgan voqea to‘g‘risida mutasaddi idoralarga tegishlicha (yo‘l hararkati xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi, ichki ishlar idoralariga va b.) xabar qilishi;

- darhol, lekin 72 soatdan kechiktirmasdan Sug‘urtalovchini bu haqda xar qanday usulda xabardor qilishi, voqea sodir bo‘lgandan keyin 5 (besh) ish kuni ichida Sug‘urtalovchiga voqea joyi, sababi va tafsilotlari ko‘rsatilgan yozma xabarnomani yo‘llashi xam mumkin.

Sug‘urta tovoni to‘lovi to‘g‘risidagi arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilishini shart:

a) Elektron sug‘urta polisi;

b) Haydovchilik guvohnomasi;

v) Transport vositasini ro‘yxatga olish to‘g‘risida guvohnoma (texnik pasporti);

g) Ishonchnoma yoki transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi boshqa hujjat;

d) Voqea sababi va tafsilotlarini ifodalovchi mutasaddi idoralardan tegishli qaror (hulosa, ma’lumotnoma, bayonnoma va h.k);

ye) Baholash faoliyatini amalga oshiruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan baholovchi tashkilot tomonidan barcha ishlar, ehtiyot qismlar va materiallar ko‘rsatilgan moddiy zararni baholash bo‘yicha hisoboti.

yo) Transport vositalari xaydovchilarining mast xolatda ekanligini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018 yil 14 dekabrda 3099-sonli ro‘yxatdan o‘tkazilgan Nizomning 1-ilovasiga asosan mastlik xolatini aniqlash bo‘yicha tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilganlik to‘g‘risidagi bayonnoma.

Ushbu Qoidalarning 8.1 «a»-«ye» bandlarida nazarda tutilgan hujjatlar ulardan nusxa ko‘chirilib, taqdim etilgan hujjatlar haqiqiy ekanligi tasdiqlangandan keyin Sug‘urta qildiruvchiga qaytariladi.

8.2. Sug‘urta qildiruvchi har qanday yo‘qotish va/yoki shikastlanish haqida xabar qilganda Sug‘urtalovchi o‘z xodimini yoki boshqa shaxsni sodir bo‘lgan voqeaning turi, sababi va tafsilotlarini batafsil o‘rganish uchun yuborishga haqli.

8.3. Barcha zarur hujjatlarni va ushbu voqeaga aloqador tafsilotlarni o‘rgangandan so‘ng Sug‘urtalovchi sodir bo‘lgan voqeani sug‘urta hodisasi deb tan olish yoki tan olmaslik haqida qaror chiqaradi.

8.4. Sug‘urtalovchining sug‘urta tovonini to‘lash yoki to‘lashni rad etish to‘g‘risidagi qarori sug‘urta qildiruvchiga u sug‘urta tovonini to‘lashni so‘rab murojaat etganidan keyin o‘n besh kundan kechiktirmay xabar qilinishi va rad etish sabablarining asoslantirilgan dalil-isbotlarini o‘z ichiga olgan bo‘lishi lozim.

8.5. Sug‘urta hodisasi sodir bo‘lganligini, shuningdek yetkazilgan zararlarni isbotlash va tegishli hujjatlarni taqdim etish Sug‘urta qildiruvchi va Naf oluvchi zimmasida.

8.6. Sug‘urta voqeasining tavsifi va tafsilotlaridan kelib chiqib, Sug‘urtalovchi ushbu Qoidalarning 8-bo‘limida ko‘rsatilgan hujjatlarning hammasini ham talab qilmasdan sodir bo‘lgan voqeani tan olish yoki tan olmaslik (sug‘urta tovoni to‘lovini rad etish) to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.


9-BO‘LIM. SUG‘URTA TOVONI TO‘LOVI

9.1. Sug‘urtalovchi sug‘urta tovoni to‘lovini sug‘urta hodisasini tan olib, Sug‘urta hodisasi to‘g‘risidagi dalolatnomani imzolagandan keyin 5 (besh) ish kuni ichida amalga oshiradi.

9.2. Sug‘urtalovchi sodir bo‘lgan voqeani sug‘urta hodisasi deb tan olgan taqdirda quyidagi qoidalarga rioya kilgan holda to‘lanishi lozim bo‘lgan sug‘urta hodisasining mikdori aniqlanadi:

9.2.1. TV to‘liq nobud bo‘lgan taqdirda – Sug‘urtalovchi TV sug‘urtalangan sug‘urta pulini to‘laydi.

9.2.2. Sug‘urtalangan TV shikastlangan taqdirda Sug‘urtalovchi baholash faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyasi bo‘lgan baholovchi tashkilot tuzgan moddiy zararni baholash naryad-buyurtma/hisob-kitob miqdorida, agar Elektron sug‘urta polisi bilan franshiza o‘rnatilgan bo‘lsa, franshizani chegirib qolgan holda, lekin sug‘urta polisida ko‘rsatilgan sug‘urta pulidan oshmagan miqdorda sug‘urta tovoni to‘laydi.

9.3. Sug‘urta tovonini to‘lash:

9.3.1. Sug‘urta tovoni Sug‘urta qildiruvchiga yoki Naf oluvchiga O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq to‘lanadi. Bunda Naf oluvchi Sug‘urta qildiruvchining Naf oluvchi oldidagi kredit bo‘yicha qarzidan oshmagan miqdorda sug‘urta tovoni olish huquqiga ega bo‘lib, sug‘urta tovonining qolgan qismi Sug‘urta qildiruvchining zararlarini qoplash bo‘yicha xarajatlarni qoplashga yo‘naltiriladi.

9.3.2. Agar ushbu Elektron sug‘urta polisi bo‘yicha sug‘urta puli u tuzilayotgan kundagi sug‘urta qiymatidan kam miqdorda o‘rnatilgan bo‘lsa, Sug‘urtalovchi sug‘urta hodisasi sodir bo‘lganda Sug‘urta qildiruvchi/Naf oluvchiga yetkazilgan zararlarni O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 936-moddasiga muvofiq, sug‘urta pulining sug‘urta qiymatiga mutanosib bo‘lgan nisbatda qoplashi shart. Sug‘urta qiymati sug‘urta obyektining haqiqiy bozor bahosi hisoblanadi.

9.3.3. Ushbu Qoidalar bo‘yicha sug‘urta tovoni Sug‘urta qildiruvchi va/yoki Naf oluvchining bank hisob raqamiga pul mablag‘larini o‘tkazish orqali to‘lanadi.

9.3.4. Sug‘urta hodisasi sodir bo‘lganda Sug‘urtalovchi amalga oshirgan sug‘urta tovonining har bir to‘lovi, agar Sug‘urta qildiruvchi tomonidan sug‘urta pulini tiklash uchun qo‘shimcha mukofot to‘lanmasa, Sug‘urtalovchi majburiyatlari chegarasini ushbu to‘lov miqdorida kamaytiradi.

Sug‘urta tovoni to‘lovi oqibatida Sug‘urtalovchining majburiyatlari kamayishi sug‘urta tovonini O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 936-moddasining talablarini inobatga olib to‘lashga asos bo‘lmaydi.

9.3.5. Sug‘urta tovoni to‘langan taqdirda Sug‘urtalovchi sug‘urtalangan TV ning zararlangan qismlarini talab qilish huquqiga ega.

9.3.6. Sug‘urta tovonini to‘liq yoki qisman to‘lagan Sug‘urtalovchiga O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq ushbu mablag‘ chegarasida zarar yetkazilganligi uchun javobgar shaxsdan talab qilish huquqi o‘tadi, javobgar shaxs Sug‘urta qildiruvchi yoki Naf oluvchi bo‘lgan holatlar bundan mustasno.

9.3.7. Barcha holatlarda sug‘urta tovoni Elektron sug‘urta polisida keltirilgan sug‘urta pulidan ortiq bo‘lmasligi shart.

9.3.8. Sug‘urtalovchi sug‘urta tovonini to‘lagandan keyin Sug‘urta qildiruvchi/Naf oluvchi/Haydovchi aybi bilan sodir bo‘lgan sug‘urta hodisalari bo‘yicha tomonlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksining 957- va 1001-moddalari talablari qo‘llanilmaydi.


10-BO‘LIM. SUG‘URTA SHARTNOMASI (POLISI)NING BЕKOR QILINISHI VA TUGATILISHI

10.1. Ushbu Sug‘urta qoidalariga ko‘ra rasmiylashtirilgan Elektron sug‘urta polisi taraflardan birining yozma arizasiga ko‘ra bekor qilinishi mumkin. Elektron sug‘urta polisini bekor qilish uchun barcha taraflarning roziligi talab qilinadi. Elektron sug‘urta polisi taraflar o‘rtasida bekor qilish to‘g‘risidagi kelishuv bitimi imzolanganidan so‘ng bekor bo‘ladi.

10.2. Sug‘urta qildiruvchi va Naf oluvchi ushbu Sug‘urta qoidalari shartlarini Sug‘urtalovchi buzgani sababli muddatidan ilgari bekor qilishni so‘raganda, Sug‘urtalovchi sug‘urta mukofotining bir qismini sug‘urta amal qilgan vaqtga mutanosib ravishda olish huquqiga ega.

10.3. Sug‘urtalovchi Sug‘urta qildiruvchining o‘z majburiyatlarini buzilishidan kelib chiqqan holda ushbu Sug‘urta qoidalarini muddatidan ilgari bekor qilish talab qilganida, shuningdek maxsus texnikaga, yuklar va yo‘lovchilarni tijorat asosida tashish uchun foydalaniladigan transport vositalariga nisbatan sug‘urta shartnomasi tuzilgani aniqlangan taqdirda, to‘langan sug‘urta mukofoti qaytarilmaydi.

10.4. Agar ushbu Sug‘urta qoidalari bo‘yicha Sug‘urtalovchi sug‘urta tovonini bunday to‘lov summasidan qat’iy nazar to‘lagan bo‘lsa yoki unda sug‘urta hodisasi yuz berishi munosabati bilan sug‘urta tovonini to‘lashga doir majburiyat bo‘lsa, har qanday holda ham sug‘urta mukofoti qaytarilmaydi.

10.5. Ushbu Sug‘urta qoidalari quyidagi hollarda tugatiladi:

a) amal qilish muddati tugaganida;

b) Sug‘urtalovchi tomonidan majburiyatlar to‘liq hajmda bajarilganida;

v) O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.


11-BO‘LIM. TOMONLARNING JAVOBGARLIGI

11.1. Tomonlar o‘z zimmalariga qabul qilgan majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar.

11.2. Sug‘urta qildiruvchiga tegishli sug‘urta tovonini kechiktirganligi uchun Sug‘urtalovchi Sug‘urta qildiruvchiga har bir kechiktirilgan kun uchun kechiktirilgan mablag‘ning 0,2% miqdorida, lekin Elektron sug‘urta polisi bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘ning 50%idan oshmagan miqdorda penya to‘laydi. Penya to‘lanishi Sug‘urtalovchini sug‘urta tovoni to‘lovidan ozod qilmaydi.

11.3. Sug‘urta mukofoti o‘z vaqtida to‘lanmagan taqdirda, Sug‘urtalovchi Sug‘urta qildiruvchiga har bir kechiktirilgan kun uchun to‘lanmagan sug‘urta mukofoti summasidan 0,2% miqdorida, lekin kechiktirilgan summasining 50% idan ko‘p bo‘lmagan miqdorda penya hisoblashga haqli.

11.4. Agar Tomonlar Elektron sug‘urta polisi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajara olmasliklari yengib bo‘lmas kuch (fors-major) shart-sharoiti sababli yuzaga kelsa, ular javobgarlikdan ozod bo‘ladilar. Yengib bo‘lmas kuch ta’sirida bo‘lgan tomon boshqa tomonni bunday shart-sharoit yuzaga kelganligi va tahminan qancha davom etishi mumkinligi to‘g‘risida bir-birlarini darhol xabardor qilishlari shart. Bunda Tomonlar Elektron sug‘urta polisining bajarilgan va bajarilmagan qismlari yuzasidan o‘rnatilgan tartibda yakuniy hisob-kitobni amalga oshiradilar.


12-BO‘LIM. SUBROGATSIYA

12.1. Yetkazilgan zararda aybdor bo‘lgan shaxsga nisbatan talab qilish huquqi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 957-moddasiga muvofiq ushbu Sug‘urta qoidalarining 3.1-bandida nazarda tutilgan sug‘urta hodisasi natijasida sug‘urta qilingan TV ga yetkazilgan zararni qoplash hisobiga sug‘urta tovonini to‘liq yoki qisman to‘lagan Sug‘urtalovchiga u tomondan to‘langan summa doirasida o‘tadi, bundan Qarz oluvchi yoki sug‘urta qilingan TV ni boshqarish belgilangan tartibda ruxsat berilgan boshqa shaxslar aybdor shaxs bo‘lgan hollar mustasno.

12.2. Sug‘urta qildiruvchi va/yoki Naf oluvchi Sug‘urtalovchiga barcha hujjatlar va dalillarni berishi hamda Sug‘urtalovchi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 957-moddasi talablariga binoan unga o‘tgan huquqni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan barcha ma’lumotlarni Sug‘urtalovchiga xabar qilishi shart.

12.3. Agar Qarz oluvchi yoki sug‘urta qilingan TV ni boshqarish ruxsat berilgan boshqa shaxs Sug‘urtalovchi tomonidan qoplangan zararda aybdor bo‘lgan shaxsga nisbatan talab qilish huquqidan voz kechsa yoki ushbu huquqni amalga oshirish ularning aybi bilan mumkin bo‘lmasa, Sug‘urtalovchi sug‘urta tovonini to‘lashdan to‘liq yoki tegishli qismida ozod etiladi va sug‘urta tovonining to‘langan summasi qaytarib berilishini talab qilishga haqli.


13-BO‘LIM. FORS-MAJOR HOLATI

13.1. Taraflar fors-major holatlar amal qilishi davrida ushbu Sug‘urta qoidalari bo‘yicha o‘z majburiyatlarini qisman yoki to‘liq bajarmaganliklari uchun javobgar bo‘lmaydi.

13.2. Fors-major holatlarga tabiiy hodisalar (zilzilalar, yer ko‘chishlari, dovullar, qurg‘oqchiliklar va Sug‘urta qoidalarida nazarda tutilmagan sanab o‘tilmagan boshqa tabiiy ofatlar) yoki ijtimoiy-iqtisodiy holatlar (harbiy harakatlar, ish tashlashlar, qamallar, davlat tashkilotlari tomonidan qo‘yilgan yoki davlatlar o‘rtasidagi cheklovchi va taqiqlovchi chora-tadbirlar, shuningdek hukumat qarorlari va boshqalar), agar ular Sug‘urta qoidalarini bajarilishiga bevosita ta’sir qilgan bo‘lsa) keltirib chiqargan favqulodda, bartaraf qilib bo‘lmaydigan va ushbu sharoitlarda nazarda tutib bo‘lmaydigan holatlar taalluqli bo‘ladi.

13.3. Fors-major holatlar yuzaga kelgan taqdirda, taraflar tomonidan majburiyatlarni bajarilishi muddati fors-major holatlar amal qiladigan vaqtga mutanosib ravishda keyinga qoldiriladi. Bunda Taraflar belgilangan tartibda ushbu Sug‘urta qoidalari bo‘yicha majburiyatlarning bajarilgan va bajarilmagan qismlar bo‘yicha yakuniy hisob-kitobni amalga oshiradi.


14-BO‘LIM. NIZOLARNI HAL ETISH TARTIBI

14.1. Ushbu Qoidalarda keltirilgan masalalar yuzasidan bahslar, talablar yoki kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda tomonlar ularni muzokaralar yo‘li bilan hal etish choralarini ko‘radilar.

14.2. Ushbu Qoidalar asosida taqdim etilgan polislar doirasida kelib chiqqan bahslar, kelishmovchiliklar yoki talablar, shu jumladan uning ijrosi, buzilishi, tugatilishi yoki haqiqiy emasligi muzokaralar yo‘li bilan hal etib bo‘lmasa, ular O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq sug‘urta qildiruvchi/naf oluvchi joylashgan hududdagi iqtisodiy sudlarda hal etiladi.


15-BO‘LIM. BOSHQA SHARTLAR

15.1. Ushbu Qoidalarga barcha qo‘shimchalar va o‘zgarishlar, shuningdek uni uzaytirish yoki tugatilishi tomonlarning roziligi bilan yozma shaklda amalga oshirilishi, Kredit shartnomasi/kelishuviga oid o‘zgarishlar bo‘lganda, bekor qilinganda yoki tugatilganda esa Sug‘urta qildiruvchi va Naf oluvchi tomonidan uning o‘zgarishi/bekor bo‘lishi/tugatilishi paytidan boshlab 10 (o‘n) bank kuni ichida Sug‘urtalovchi xabardor qilinishi shart.

15.2. Sug‘urtalangan TV ga bo‘lgan huquqlar Naf oluvchiga yoki boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda sug‘urta polisi bo‘yicha Sug‘urta qildiruvchining huquq va majburiyatlari Naf oluvchiga yoki sug‘urtalangan TV ga bo‘lgan huquqlar o‘tgan mas’ul shaxsga o‘tadi.

15.3. Ushbu Qoidalarda tartibga solinmagan o‘zaro munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq tartibga solinadi.

15.4. Ushbu Qoidalar bir xil yuridik kuchga ega va Sug‘urtalovchi, Sug‘urta qildiruvchi, Naf oluvchida bir nusxadan saqlanuvchi 2 (ikki) nusxada tuzildi.


Sug‘urtalovchining rekvizitlari:

To‘liq nomlanishi: “MY-INSURANCE” AJ ST

2022 yil 25 fevraldagi SF seriya 00037-sonli O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligining litsenziyasi

Pochta manzili: O‘zbekiston Respublikasi, 100015, Toshkent, Mirobod tumani, Kichik Mirobod ko‘chasi, 95 uy

Telefon: +998 71 205-19-19

Elektron pochta: info@.myinsurance.uz

Made on
Tilda