Sug‘urta qoidalari

“Mening mulkim” sug‘urta dasturi

“Mening mulkim” sug‘urta dasturi



1. Mazkur Dastur O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi hamda “MY-INSURANCE” AJ ST ning 8-klass “Mol-mulkni olovdan va tabiiy ofatlardan sug‘urta qilish”, 9-klass “Mol-mulkni zarardan sug‘urta qilish” Qoidalari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi aholisining (keyingi o‘rinlarda “Sug‘urta qildiruvchi”deb nomlanadi) yuqorida keltirib o‘tilgan sug‘urta turi bo‘yicha ularning mulkiy manfaatlarini sug‘urta qilish tartibi va shartlarini belgilab beradi.

2. Dastur maqsadi: Mazkur Dasturda Sug‘urta qildiruvchiga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulkka hamda jihoz (maishiy texnika)lariga (keyingi o‘rinlarda mulk deb yuritiladi) belgilangan xavflar ta'sirida yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararlardan sug‘urta qilish.

3. Sug‘urta ob'ekti bo‘lib, sug‘urta polisining amal qilishi davrida Sug‘urta qildiruvchining mulkiga belgilangan qaltisliklar oqibatida ko‘rilgan zararning Sug‘urtalovchi tomonidan to‘lab berilishi bilan bog‘liq mulkiy manfaatlari hisoblanadi.

4. Sug‘urta sub'ektlari bo‘lib, Sug‘urtalovchi hamda sug‘urta polisida Sug‘urta qildiruvchi va Naf oluvchi sifatida ko‘rsatilgan shaxslar hisoblanadi.

5. Ushbu Dasturda quyidagi atamalar qo‘llaniladi:

Sug‘urtalovchi – O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan berilgan litsenziyasi asosida faoliyat yurituvchi «MY-INSURANCE» AJ ST.

Sug‘urta qildiruvchi – Sug‘urtalovchi bilan sug‘urta polisini tuzgan va u bo‘yicha sug‘urta mukofotini to‘lagan jismoniy shaxs.

Sug‘urta hodisasi– to‘satdan, oldindan anglanmagan va insonlarning hohishisiz yuz bergan, Sug‘urtalangan shaxsning sug‘urta muddati mobaynida mulkiga zarar keltiruvchi baxtsiz hodisa.

Sug‘urta polisi – sug‘urta mukofoti to‘langanidan so‘ng, Sug‘urtalovchi bilan Sug‘urta qildiruvchining kelishuviga binoan hamda uning sug‘urta summasi doirasidagi javobgarligini tasdiqlovchi hujjat.

Sug‘urta summasi – Sug‘urtalovchi sug‘urta polisi bo‘yicha Sug‘urta qildiruvchi oldidagi majburiyatlarini qoplashi uchun pul summasining eng yuqori hajmi.

Sug‘urta mukofoti –Sug‘urta qildiruvchi sug‘urta polisiga muvofiq Sug‘urtalovchi (uning agenti)ga to‘lashi shart bo‘lgan sug‘urta uchun haq (badal).

Sug‘urta tovoni – sug‘urta polisida nazarda tutilgan sug‘urta hodisasi yuz berishi natijasida ko‘rilgan zararni qoplash uchun Sug‘urtalovchi tomonidan to‘lanadigan pul mablag‘lari summasi.

Naf oluvchi – sug‘urta polisi uning foydasiga tuzilgan shaxs. Sug‘urta qildiruvchining o‘limi holatida esa O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida belgilangan uning merosxo‘ri foydasiga tuzilgan hisoblanadi.

Sug‘urta qoplamasi hududi – O‘zbekiston Respublikasi.

Sug‘urta javobgarligi vaqti – tunu kun.

Sug‘urta javobgarligi davri – bir yil. Sug‘urtalovchining sug‘urta tovonini to‘lash bo‘yicha javobgarligi sug‘urta mukofoti to‘langan sanadan keyingi kunning 00.00 soatidan e'tiboran kuchga kiradi.

Franshiza (shartsiz) – Sug‘urta qildiruvchi ko‘rgan zararning Sug‘urtalovchi tomonidan har bir sug‘urta hodisasi bo‘yicha qoplanmaydigan qismi.

6. Sug‘urtalash tartibi va jarayoni:

6.1. Sug‘urtalash Sug‘urta qildiruvchi sug‘urta mukofotini to‘laganidan so‘ng Sug‘urtalovchi (sug‘urta agenti) tomonidan sug‘urta polisini berish yo‘li bilan rasmiylashtiriladi.

6.2. Polisda yozilgan raqamlar va so‘zlar bo‘yalgan yoki o‘zgartirilgan holatlarda polis o‘z kuchiga ega emas deb hisoblanadi va sug‘urta javobgarligi olib borilmaydi.

6.3. Sug‘urta qildiruvchi polis muddatidan ilgari voz kechgan taqdirda, Sug‘urtalovchiga to‘langan sug‘urta mukofoti qaytarib berilmaydi.

6.4. Sug‘urta polisi yo‘qolganda, Sug‘urtalovchi Sug‘urta qildiruvchining yozma arizasiga binoan 3 (uch) ish kuni ichida unga sug‘urta polisi dublikatini beradi va polisning yo‘qolgan nusxasi haqiqiy emas deb hisoblanadi. Dublikat berilganda qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.

7. Sug‘urta hodisalari:

- yong‘in (olov ta'sirida, gaz portlashi, yashin urishi,yonuvchi mahsulotlar yetkazgan zarar, yong‘inni o‘chirish tadbirlaridan ko‘rilgan zarar);

- suv toshishi (santexnika tizimlarning yorilishi, qo‘shni xona (binolar)dan);

- mexanik shikastlanish (transport vositalarining kelib urilishi, uchuvchi apparatlar va ular qismlarining kelib tushishi, daraxtlar, ustunlar, narsalarning qulashi);

- uchinchi shaxslarning g‘ayrikonuniy harakatlari (buzg‘unchilik, o‘g‘irlik, bosqinchilik, talonchilik, bezorilik);

- tabiiy ofatlar (zilzila, yer o‘pirilishi, ko‘chki, dovul, bo‘ron, to‘fon, vulqon otilishi, suv toshqini, shiddatli atmosferaviy yog‘ingarchilik).

8. Sug‘urta summasi va mukofoti:

- mazkur sug‘urta turi bo‘yicha bitta sug‘urta polisi uchun 20 000 000 (yigirma million) so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda sug‘urta summasi belgilanadi;

- sug‘urta mukofoti sug‘urta summasining 0,15 foizini - 30 000 (o‘ttiz ming) so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorni tashkil etib, bir yillik sug‘urta davri uchun to‘lov hisoblanadi.

9. Istisnolar:

Ushbu Dasturga ko‘ra, quyidagi holatlar sug‘urta hodisasi deb hisoblanmaydi va javobgarlik olib borilmaydi:

- yadroviy portlash, radiatsiya yoki radioaktiv zaharlanish;

- harbiy harakatlar va boshqa harbiy tadbirlar;

- fuqarolik urushlari, turli ko‘rinishdagi xalq qo‘zg‘olonlari yoki ish tashlashlar;

- davlat organlari qaroriga ko‘ra mol-mulkni buzish, musodara qilish, konfiskatsiya qilish, rekvizitsiya qilish, hisobga olish yoki yo‘q qilish;

- Sug‘urta qildiruvchining hamda oila a'zolarining qasddan qilingan harakatlari;

- Sug‘urta qildiruvchining toksik, narkotik yoki alkogolь moddalar ta'sirida mast holatdagi harakatlari (harakatsizligi);

- mulkning chirishi, korroziyasi va uning boshqa tabiiy xususiyatlarini o‘zgarishi;

- Sug‘urta qildiruvchi uy-joyi (kvartira)da portlovchi moddalar va portlash xavfi bo‘lgan moslamalarni tayyorlash, saqlash, ulardan foydalanish, kimyoviy va fizikaviy tajribalarni o‘tkazish;

- tabiiy ofat, yer osti yoki o‘rmon yong‘ini natijasida, agarda sug‘urta polisi sug‘urta ob'ekti joylashgan hududning mahalliy maxsus vakolatli organ (FVV, IIV, Gidrometeorologik xizmat va boshqa)lari tomonidan tabiiy ofatlar, yer osti va o‘rmon yong‘inlari yuz berishi xavfi mavjudligi haqida xabar berilganidan so‘ng tuzilgan bo‘lsa;

- boshqa sug‘urta hodisalarini keltirib chiqarmagan holda, elektr tokining qisqa tutashuvi vujudga kelishi natijasida elektr uskunalari detallari va tizimlariga zarar yetishi;

- sug‘urta Shartnomasini tuzish vaqtida mavjud bo‘lgan mol-mulkdagi nuqsonlar tufayli.

10. Sug‘urta tovonini to‘lash tartibi va shartlari:

10.1. Sug‘urta qildiruvchi hodisa yuz berganda, bu haqda zudlik bilan va 72 soat ichida (dam olish va bayram kunlarini hisobga olmagan holda) har qanday maqbul yo‘l bilan (telefon, telegram orqali) Sug‘urtalovchiga xabar berish lozim. Xabar bergan kundan boshlab, 30 (o‘ttiz) ish kunidan kechiktirmagan holda hodisa yuz berganligi haqidagi yozma ariza va Sug‘urtalovchi tomonidan talab qilingan zarar faktini tasdiqlash, sababi va miqdorini aniqlash uchun zarur bo‘lgan boshqa hujjatlarni taqdim etish lozim.

10.2. Sug‘urta tovonini olish uchun o‘rnatilgan shakldagi ariza quyidagi hujjatlar ilova qilingan holda taqdim etiladi:

- sug‘urta polisi;

- shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport) nusxasi;

- sug‘urtalangan mulkka bo‘lgan egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlar;

- mustaqil baholovchi tashkilotning zarar miqdori bahosi haqidagi dalolatnomasi (ma'lumoti);

- vakolatli organlarning (Gidrometeorologik xizmat, FVV, IIV, tergov organlari, sud va boshqa maxsus vakolatli organlarning qarori) sug‘urta hodisasi to‘g‘risidagi hujjatlari.

10.3. Sug‘urtalangan mulkka yetkazilgan zarar miqdori mustaqil baholovchi tomonidan aniqlanadi. Sug‘urta tovoni sug‘urta polisida belgilangan sug‘urta summasi doirasida to‘lanadi.

11. Umumiy shartlar.

11.1. Hisoblangan sug‘urta mukofoti bir yo‘la to‘lanadi. Bunda to‘lov sug‘urta mukofoti to‘langan sanadan keyingi kunning 00:00 soatidan boshlab 12 (o‘n ikki) oyga qadar amal qiladi.

11.2. Sug‘urtalovchi sug‘urta tovoni to‘lovi bo‘yicha qarorini qabul qilishi uchun Sug‘urta qildiruvchi (Naf oluvchi) va o‘zgalardan boshqa zaruriy hujjatlarni belgilangan tartibda talab qilish xuquqiga ega.

11.3. Sug‘urta tovoni Sug‘urta qildiruvchi (Naf oluvchi)ning bank hisob raqamiga pul o‘tkazish yo‘li bilan barcha zaruriy hujjatlar olingandan so‘ng, sug‘urta dalolatnomasi tasdiqlangan kundan e'tiboran 5 (besh) ish kuni davomida to‘lab beriladi. Hodisa yuzasidan jinoiy ish ochilgan holat bundan mustasno.

11.4. Shartnoma bo‘yicha sug‘urta tovoni Sug‘urtalovchi tomonidan Tomonlar bilan kelishilgan holda, Sug‘urta qildiruvchi (Naf oluvchi)ning bank plastik kartasiga o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

11.5. Sug‘urta tovoni Sug‘urtalovchi tomonidan, qonunchilikda belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnomaga ko‘ra Sug‘urta qildiruvchi (Naf oluvchi)ning vakiliga to‘lab berilishi mumkin.

11.6. Agar Sug‘urta qildiruvchi (Naf oluvchi) zarar yetkazilganligi uchun javobgar shaxslardan pul mablag‘i olgan bo‘lsa, Sug‘urtalovchi sug‘urta qilish shartlari bo‘yicha, javobgar shaxsdan olingan pul mablag‘i va haqiqiy zarar o‘rtasidagi farqni sug‘urta summasi doirasida to‘lab beradi.

11.7. Agar amaldagi qonunchilikda ko‘zda tutilgan da'vo muddati davomida Qonun yoki ushbu polis bo‘yicha Sug‘urta qildiruvchini to‘liq yoki qisman tovon olish huquqidan mahrum qiluvchi holatlar aniqlansa, Sug‘urta qildiruvchi sug‘urta hodisasining ro‘y berishi natijasida polis bo‘yicha olgan sug‘urta tovonini Sug‘urtalovchiga qaytarib berishga majbur.
Made on
Tilda