"My Insurance" Aksiyadorlik Jamiyati Sug‘urta Tashkiloti
"Avtokreditni kompleks sug‘urtalash"
SHARTNOMASI shartlari

1-BO‘LIM. SHARTNOMA PRЕDMЕTI

1.1. Ushbu Shartnomada nazarda tutilgan shartlarga va/yoki qo‘shimcha kelishilgan, ushbu Shartnomaning ajralmas qismi bo‘lgan shartlar, istisnolar va ilovalarga muvofiq Sug‘urtalovchi sug‘urta hodisasi yuz berganida Sug‘urta qildiruvchiga yetkazilgan zararni o‘rnini quyida ko‘rsatilgan tartibda va hajmda qoplash majburiyatini oladi, shu shart bilanki, bunda Sug‘urta qildiruvchi/Qarz oluvchi ushbu Shartnomada ko‘rsatilgan miqdorda va hajmda sug‘urta mukofotini to‘lash majburiyatini oladi, shuningdek Sug‘urta qildiruvchi Sug‘urtalovchiga taqdim etilgan anketa-arizada ishonchli va haqiqatga mos ma’lumotlar saqlanishini va ushbu Shartnomani tuzish uchun asos ekanligini tasdiqlaydi.

1.2. Transport vositasini xarid qilish uchun Qarz oluvchiga (jismoniy shaxsga) berilgan kreditning qaytarilishini ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lgan Sug‘urta qildiruvchining mulkiy manfaatlari, shuningdek garovga qo‘yilgan sug‘urtalangan transport vositasiga (TV) egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf qilish bilan bog‘liq Qarz oluvchining mulkiy manfaatlari sug‘urta obyekti bo‘lib, bunda mazkur mulkiy manfaatlarga ushbu Shartnomada sanab o‘tilgan tavakkalchiliklardan bevosita yuz bergan sug‘urta hodisasi yuzaga kelganida zarar yetkazilishi mumkin.

1.3. Mazkur shartnoma shartlari asosida qarz oluvchi tomonidan tasdiqlangan shakldagi Arizaga muvofiq taqdim etilgan ma’lumotlar asosida polis rasmiylashtirib beriladi.

2-BO‘LIM. ATAMALAR

Ushbu Shartnomada quyidagi mazmundagi atamalardan foydalaniladi:

2.1. Sug‘urtalovchi - umumiy sug‘urta sohasining tegishli klasslari bo‘yicha sug‘urtani amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan va sug‘urta shartnomasiga muvofiq sug‘urta tovoni to‘lovini amalga oshirish majburiyatini oluvchi tijorat tashkiloti – «MY-INSURANCE» AJ ST;

2.2. Sug‘urta qildiruvchi (qarz oluvchi) – Sug‘urta shartnomasiga asosan o‘z mulkiy manfaatlarini yoki uchinchi tomonning mulkiy manfaatlarini sug‘urtalaydigan tomon;

2.3. Naf oluvchi – Sug‘urta qildiruvchi tomonidan sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta to‘lovlarini olish uchun belgilangan jismoniy yoki yuridik shaxs;

2.4. Kredit shartnomasi – ushbu Shartnomaning Arizasida (1-ilovada) ko‘rsatilgan fuqarolik-huquqiy shartnomasi bo‘lib, unga ko‘ra Sug‘urta qildiruvchi Qarz oluvchiga Kredit shartnomasida nazarda tutilgan miqdorda va shartlarda pul mablag‘larini (kredit) taqdim etish majburiyatini oladi, Qarz oluvchi esa olingan pul mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarish va u bo‘yicha foizlarni to‘lash majburiyatini oladi.

2.5. Sug‘urta polisi – sug‘urta mukofoti to‘langanidan keyin Sug‘urta qildiruvchiga beriladigan, ushbu Shartnoma bo‘yicha Sug‘urta qildiruvchining majburiyatlari kuchga kirishini tasdiqlovchi hujjatlar.

2.6. Sug‘urta puli – ushbu Shartnoma shartlariga ko‘ra sug‘urta hodisasi yuz berganida Sug‘urta qildiruvchi oldida Sug‘urtalovchi majburiyatlarining eng ko‘p hajmlarini ifodalaydigan pul mablag‘lari summasi.

2.7. Sug‘urta hodisasi – amalda yuz bergan va ushbu Shartnomada nazarda tutilgan hodisa bo‘lib, u yuz berishi bilan Sug‘urtalovchining ushbu Shartnoma shartlariga muvofiq sug‘urta tovonini to‘lash majburiyati yuzaga keladi.

2.8. Sug‘urta tovoni – sug‘urta hodisasi yuzaga kelishi natijasida Sug‘urta qildiruvchiga yetkazilgan zararni qoplash hisobiga Sug‘urtalovchi tomonidan sug‘urta puli chegarasida Sug‘urta qildiruvchiga to‘lanadigan pul mablag‘lari.

2.9. Sug‘urta mukofoti – sug‘urta uchun to‘lov bo‘lib, uni Sug‘urta qildiruvchi va/yoki Qarz oluvchi ushbu Shartnomada bayon qilingan tartibda va muddatlarda Sug‘urtalovchiga to‘lashi shart.

2.10. Shartsiz franshiza – Sug‘urta qildiruvchi zararlarining ma’lum qismi bo‘lib, uni qoplab berish bo‘yicha Sug‘urtalovchi javobgar bo‘lmaydi. Shartsiz franshizada Sug‘urtalovchining javobgarligi franshizaning summasi ayirilgan zararning miqdori bilan belgilanadi;

2.11. Sug‘urta davri – ushbu Shartnoma amal qiladigan vaqt davri.

2.12. Kreditning maqsadli ishlatilishi – Qarz oluvchi tomonidan kredit mablag‘laridan Kredit shartnomasida nazarda tutilgan maqsadlarda foydalanish.

2.13. Kutish davri – shartnomada ko‘rsatilgan to‘lov sanasidan boshlab hisoblanadigan, sug‘urta shartnomasida kelishilgan voqea natijasida sodir bo‘lgan zararni qoplashgacha o‘tishi lozim bo‘lgan ketma-ket kalendar kunlari soni- 30 kun (kutish davri – qarz oluvchining olgan kreditini qaytara olmaslik javobgarligini sug‘urta qilish riski bo‘yicha qo‘llaniladi);

2.14. Sug‘urta qilingan transport vositasi keyingi bandlarda (TV) – Qarz oluvchi nomiga hujjat bilan rasmiylashtirilgan va kredit mablag‘lari hisobiga xarid qilingan transport vositasi bo‘lib, unga nisbatan ushbu Shartnoma shartlariga muvofiq sug‘urta qamrovi amal qiladi.

2.15. Sug‘urta qiymati - Yangi TV uchun Avtosalondagi sotuv narxi. Eski TV uchun ikkilamchi bozordagi narxi. Mazkur narxlar polis rasmiylashtirilgan kundagi narxlar asosida belgilanadi.

3-BO‘LIM. SUG‘URTA HODISALARI

3.1. Ushbu Shartnoma bo‘yicha quyidagi hodisalar sug‘urta hodisasi bo‘lib hisoblanadi:

a) Qarz oluvchi tomonidan Kredit shartnomasida nazarda tutilgan shartlar va muddatlarga muvofiq kreditning va uning foizining asosiy qismini qaytarilmasligi.

b) sug‘urta qilingan transport vositasini quyidagilar natijasida yo‘qotilishi yoki shikastlanishi:

- yong‘in, portlash, yashin urishi;

- suv toshqini, bo‘ron, dovul, jala, do‘l, sel;

- zilzila, o‘pirilish, yer ko‘chishi;

- yo‘l-transport hodisasi;

- predmetlarning urilishi/tushib ketishi;

- o‘g‘irlanishi, transport vositasi olib qochilganida olib qochish fakti;

- uchinchi shaxslarning huquqbuzarlik harakatlari.

3.2. Ushbu Shartnoma 3.1-bandining «a» kichik bandi bilan nazarda tutilgan sug‘urta hodisasi yuzaga kelishi munosabati bilan sug‘urta tovonini to‘lash yuzasidan Sug‘urtalovchining majburiyatlari Sug‘urta mukofoti Kompaniyaning hisob raqamiga kelib tushgan sanadan kuchga kiradi va transport vositasi O‘zbekiston Respublikasida rasman qayd etilgan dilerlardan (avtosalonlardan) olingan paytdan yoxud 60 kalendar kunidan ortiq bo‘lmagan muddatda tugaydi.

3.3. Ushbu Shartnomada 3.1-bandining «b» kichik bandida ko‘rsatilgan sug‘urta hodisalari bo‘yicha sug‘urta tovonini to‘lash bo‘yicha Sug‘urtalovchining majburiyatlari sug‘urta mukofoti Kompaniyaning xisob raqamiga kelib tushgan paytdan boshlab kuchga kiradi.

4-BO‘LIM. ISTISNOLAR

4.1. Mazkur sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalovchi quyidagi holatlarda Sug‘urta qildiruvchining yuzaga kelgan zararlari bo‘yicha javobgarlik olib bormaydi:

- agar sug‘urta qildiruvchi yoki naf oluvchi o‘z vaqtida sug‘urtalovchini belgilangan muddatda amalga oshirilmagan to‘lovlar bo‘yicha va sug‘urta hodisalari yuzaga kelganda o‘z vaqtida yozma ravishda ogohlantirmagan bo‘lsa;

- naf oluvchining sug‘urta hodisasini keltirib chiqarishga qaratilgan qasddan qilgan harakatlari (kredit olishdagi tovlamachilik, noqonuniy tadbirkorlik, o‘g‘irlik, poraxo‘rlik, firibgarlik, hokimiyat yoki mansab vakolatlarini suiste’mol qilish, yolg‘on, soxta bankrotlik).

4.1.1. Sug‘urtalovchi quyidagi holatlarda sug‘urta qildiruvchiga/naf oluvchiga sug‘urta tovonini to‘lamaslik huquqiga ega:

- mazkur sug‘urta shartnomasi amalda bo‘lgan davrda naf oluvchi sug‘urtalovchi bilan kelishmasdan, uning yozma roziligini olmasdan kreditni (qarzni) qaytarish grafiklarini (to‘lashning oxirgi sanasi, summasi) o‘zgartirsa, unga o‘zgartirish kiritsa yoki boshqa shartlariga qo‘shimcha yoki o‘zgartirishlar kiritsa;

- bank (qarz beruvchi) kredit shartnomasi shartlarini bajarmasa, shuningdek qarz oluvchida kreditni qaytarish imkoniyati bo‘la turib, bank tomonidan qarzni kredit shartnomasida ko‘rsatib o‘tilgan vaqtda va miqdorda undirish (talabnoma berish) choralari ko‘rilmagan bo‘lsa;

- agar sug‘urta hodisasi yuzaga kelganligi fakti bo‘yicha Sug‘urta qildiruvchi/Naf oluvchi/Qarzdorga nisbatan ushbu ish yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa;

- Transport vositasi O‘zbekiston Respublikasi hududida rasmiylashtirilgan bo‘lishi yoxud tashish va yetkazib berish vaqtida ro‘y bergan hodisalar sug‘urta hodisasi hisoblanmaydi.

4.1.2 Sug‘urtalovchining so‘roviga ko‘ra zarur hujjatlar belgilangan muddatda taqdim etilmasa.

4.1.3. Sug‘urta quyidagilarga nisbatan tadbiq etilmaydi:

- kredit shartnomasi asosida hisoblangan har qanday kreditdan foydalanganlik uchun qarz oluvchining kredit shartnomasi shartlarini bajarmaganligi uchun hisoblangan penya, jarima va boshqa pul mablag‘lari;

- sug‘urta qildiruvchining (qarz oluvchining) sudda o‘z huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq harajatlari, shu jumladan sud xarajatlari;

- sug‘urta qildiruvchining (qarz oluvchining) ning kredit summasini qaytarishda adashib boshqa schetlarga o‘tkazishi yoki shu bilan bog‘liq noto‘g‘ri amalga oshirilgan o‘tkazmalardan ko‘rilgan zararlar.

4.2. Avtotransport vositasining yo‘qotilishi yoki shikastlanishi.

4.2.1. Agar hodisa quyidagilar natijasida yuz bersa, u sug‘urta hodisasi hisoblanmaydi:

- Sug‘urta qildiruvchining yoki avtotransport vositasi ularning tasarrufida bo‘lgan boshqa shaxslarning sug‘urta hodisasining yuzaga kelishiga qaratilgan qasddan qilgan harakatlari, ularning o‘z fuqarolik burchini bajarishi yoxud o‘zining va uchinchi shaxslarning hayotini, sog‘lig‘ini, sha’ni va qadr-qimmatini himoyalash bilan bog‘liq harakatlar bundan mustasno;

- istalgan shakldagi alkogolli, giyohvandlik yoki toksik mastligi holatida yoki reaksiya tezligini va diqqatini pasaytiruvchi dori preparatlarining ta’sirida bo‘lgan Haydovchining avtotransport vositalarini boshqarishi, betoblik yoxud qattiq charchoq holatida boshqarishi, tibbiy ko‘rikdan (mastlik holatini aniqlash bo‘yicha ekspertizadan) o‘tishdan bosh tortsa yoki o‘tmagan bo‘lsa;

- haydovchining olovdan va portlashdan xavfli moddalarni va buyumlarni saqlash va tashish qoidalarini buzishi;

- haydovchining temir yo‘ldan o‘tishda yo‘l harakati qoidasini buzishi, svetoforning taqiqlovchi chirog‘ida harakatlanishi va yo‘lning qarama-qarshi harakat yo‘l tasmasiga chiqib harakatlanishi shu jumladan chiqib ketishi;

- O‘zbekiston Respublikasi Yo‘l harakati qoidalarinining 78, 79, 80, 81 bandlarida ko‘rsatilgan transport vositalarning tezlik harakati qoidasini buzishi va quvib o‘tish, qizil chiroq, qarama qarshi harakatlanish qoidasini buzish;

- Qarz oluvchi/Xaydovchining extiyotsizligi yoxud uxlab qolishi oqibatida yo‘l transport xodisasini sodir etishi, extiyotsizligi yoxud uxlab qolishi oqibatida yo‘l qatnov qismining qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishi yoki xarakatlanishi, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik va yo‘l-transport hodisasi qoidalarini buzgan holda yuz bergan joydan ketib qolishi;

- yo‘lning harakat qismining notekisligi yoki yomon holati, o‘tkir buyumlarni bosib o‘tishi tufayli shinalarning shikastlanishi, agar ularning shikastlanishi avtotransport vositasining shikastlanishiga yoki nobud bo‘lishiga olib kelmagan bo‘lsa;

- sug‘urta qilingan TV ni O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq transport vositasini boshqarishga huquqi va ruxsati (haydovchilik guvohnomasi, ishonchnoma, yo‘l varaqasi, majburiy sug‘urta polisi va boshqalar) bo‘lmagan shaxs tomonidan boshqarilishi. Mazkur bandning qoidalari sug‘urta qilingan TV o‘g‘irlangan taqdirda qo‘llanilmaydi.

- Yo‘l transport xodisasi sodir bo‘lganda Qarzdor/Xaydovchi tomonidan ushbu sodir bo‘lgan xodisa bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi vazirlar mahkamasining 2021 yil 27 sentyabrdagi 609-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish qoidalariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar” ga asosan “Yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xabarnoma” (Yevroprotokol) tartibi bo‘yicha rasmiylashtirilishi.

- doimiy ta’sir etuvchi foydalanish omillarining ta’siri (eskirish, eroziya,

korroziya, quyqa hosil bo‘lishi va hokazo), umuman avtotransport vositasi, shu jumladan uning ayrim detallari va tarmoqlarining asta-sekin shikastlanishi.

4.2.2. Quyidagilar uchun sug‘urta tovoni to‘lanmaydi:

- tashqi omillar sabab bo‘lmagan ichki buzilishlar uchun;

- avtotransport vositasining o‘g‘irlanishi, uning uchinchi shaxslarning noqonuniy harakatlari oqibatida yo‘q qilinishi yoki shikastlanishi uchun, agar vakolatli organlarga ariza berilmagan bo‘lsa, shuningdek agar ushbu holat vakolatli organlar tomonidan tasdiqlanmagan bo‘lsa;

- avtotransport vositasining shikastlanishi oqibatida uning tovar ko‘rinishi yo‘qotilishidan ko‘rilgan zararlar;

- TV ga o‘rnatilgan gaz uskunalarining (balon) portlashi oqibatida yuzaga kelgan xar qanday zararlar.

- Sug‘urtalovchining so‘roviga ko‘ra zarur hujjatlar belgilangan muddatda taqdim etilmasa.

-Sug‘urta qildiruvchi Sug‘urtalovchiga shikastlangan avtotransport vositasini yoki uning qoldiqlarini taqdim etishdan bosh tortgan holda, ular qoldiqsiz nobud qilinishi mumkin bo‘lgan holatlar bundan mustasno;

- sug‘urtalangan avtotransport vositasi davlat organlarining qaroriga ko‘ra olib qo‘yilishi, musodara, rekvizitsiya qilinishi, xatlanishi yoki yo‘q qilinishi oqibatida yuz bergan zararlar;

- sug‘urtalangan avtotransport vositasini qarovsiz (eshiklarni ochiq qoldirish, kalitni o‘t oldirgich og‘zida qoldirib ketishi) qoldirish oqibatida avtotransport vositasi olib qochilsa.

- buyumlarning zarbasi natijasida avtotransport vositasi oynalari, yoritish chiroqlari hamda kuzovida hosil bo‘lgan nuqtali, chiziqli shikastlanishlar uchun, bundan shikastlanishlar natijasida oyna, yoritish chiroqlarning eni yoki bo‘yiga to‘liq chiziqli shikastlanish hosil bo‘lgan va biror qismi uzilib tushgan (oynalar uchun chiziqli shikastlanish 20 sm dan kam bo‘lmagan), kuzovdagi chiziqli shikastlanishlar natijasida teshiklar hosil bo‘lgan shikastlar mustasno.

4.3. Sug‘urtalovchi Sug‘urta qildiruvchiga (Naf oluvchiga) sug‘urta tovonini to‘lashni rad etishga haqlidir, agar:

- sug‘urtalangan avtotransport vositasi Sug‘urtalovchi bilan yozma kelishuvsiz lizingga, ijaraga yoki garovga berilgan bo‘lsa;

- Sug‘urta qildiruvchi (Naf oluvchi) mazkur shartnomada ko‘zda tutilgan majburiyatlarni bajarmagan bo‘lsa;

- amaldagi qonunchilikka muvofiq sug‘urtalangan avtotransport vositasini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxs sug‘urtalangan avtotransport vositasini boshqargan bo‘lsa;

- hodisa to‘g‘risidagi arizada Sug‘urta qildiruvchi yoki uning vakili zararning sabablari va miqdori to‘g‘risida yolg‘on ma’lumot ko‘rsatgan bo‘lsa, shuningdek, agar Sug‘urta qildiruvchi yoki uning vakili hodisaning holatlarini yoki zararning miqdorini tasdiqlash uchun qalbakilashtirilgan hujjatlarni ko‘rsatsa;

-Sug‘urta qildiruvchi yoki uning vakili zararning sabablari va miqdorini aniqlash uchun kerakli hujjatlarni taqdim etmagan bo‘lsa;

-sug‘urta hodisasi sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilgan geografik zonadan tashqarida avtotransport vositasidan foydalanganda yuz bergan bo‘lsa.

- yuz bergan hodisa haqida vakolatli organlarga (yo‘l harakati xavfsizligi organlariga, yong‘in xavfsizligi, ichki ishlar organlariga va boshqalarga) xabar bermasa;

- Sug‘urta qildiruvchi Sug‘urtalovchini sug‘urta hodisasi yuzaga kelganligi haqida shartnomada ko‘rsatilgan vaqtida (72 soat ichida) yozma xabardor qilmagan bo‘lsa;

4.3.1. Agar hodisa quyidagilar oqibatida yuzaga kelgan bo‘lsa, Sug‘urtalovchi sug‘urta tovonini va sug‘urta puli summasini to‘lashdan ozod etiladi:

-avtotransport vositasidan boshqarishga o‘rgatish maqsadida yoki musobaqalarda va sinovlarda ishtirok etish, foydalanish;

-yadroviy portlash, radiatsiya yoki radioaktiv tarqalish ta’sir etishi;

-harbiy harakatlar, manevrlar yoki boshqa harbiy chora-tadbirlar.

5-BO‘LIM. CUG‘URTA PULI VA SUG‘URTA MUKOFOTI

5.1. 3.1-bandining «a» kichik bandi bo‘yicha sug‘urta puli Kredit shartnomasi bo‘yicha aniqlanadi va Deklaratsiyaning 6-bandida ko‘rsatilgan.

5.2. 3.1-bandining «b» kichik bandi bo‘yicha sug‘urta puli Kredit shartnomasi bo‘yicha aniqlanadi va Deklaratsiyaning 7-bandida ko‘rsatilgan.

5.3. Ushbu Shartnoma bo‘yicha Umumiy sug‘urta mukofoti Deklaratsiyaning 10-bandida ko‘rsatilgan va ushbu Shartnoma tuzilgan kundan e’tiboran 5 (besh) kun ichida bir yo‘la to‘lanadi.

6-BO‘LIM. SHARTNOMANI TUZISH TARTIBI VA SHARTNOMANING AMAL QILISHI MUDDATI

6.1. Ushbu shartnoma taraflar tomonidan imzolangan paytdan e’tiboran kuchga kiradi va tomonlar o‘z majburiyatlarini to‘liq bajargunga qadar amal qiladi.

6.2. Sug‘urta polisini rasmiylashtirish Sug‘urtalovchi tomonidan, Sug‘urta qildiruvchining yozma ma’lumotlari (1-Ilova)ga asosan Mazkur shartnoma shartlariga muvofiq rasmiylashtiriladi va unda ko‘rsatilgan muddat davomida amal qiladi.

6.3. Sug‘urta polisini rasmiylashtirish uchun taqdim etiladigan ariza (1-ilova)ga garovga qo‘yilayotgan transport vositasining garov qiymatini kelishish bo‘yicha Baholash dalolatnomasi va Kredit shartnomasi nusxasi ilova qilinishi shart.

6.4. Sug‘urtalovchining ushbu shartnoma bo‘yicha sug‘urta javobgarligi sug‘urta polisida ko‘rsatilgan sug‘urta mukofoti to‘liq yoki qisman to‘langan kundan boshlab kuchga kiradi. Sug‘urta mukofoti qisman to‘langanda sug‘urta javobgarligi to‘langan sug‘urta mukofotiga mutanosib ravishda olib boriladi. Sug‘urtalovchi yoki uning sug‘urta agentining bank hisob raqamiga pul mablag‘lari kelib tushgan kun sug‘urta mukofoti to‘langan kun bo‘lib hisoblanadi va sug‘urta javobgarligi sug‘urta mukofoti to‘langan kundan keyingi kun soat 00:00 dan boshlab kuchga kiradi.

6.5. Ushbu Shartnomadan kelib chiqadigan sug‘urta ushbu Shartnoma kuchga kirganidan keyin yuz bergan sug‘urta hodisalariga nisbatan tadbiq etiladi va Sug‘urta polisida ko‘rsatilgan sug‘urta davri davomida amal qiladi.

7-BO‘LIM. TARAFLARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI

7.1. Sug‘urta qildiruvchi quyidagi huquqlarga ega:

7.1.1. Sug‘urta shartnomasining butun amal qilishi davomida Sug‘urtalovchidan sug‘urta qilish masalalari bo‘yicha maslahatlar olish.

7.1.2. Sug‘urta hodisasi yuzaga kelganda Sug‘urtalovchidan belgilangan tartibda sug‘urta tovonini olish.

7.1.3. Avtotransport vositasiga o‘rnatilgan qo‘shimcha jihoz-uskunalarni qo‘shimcha sug‘urta qilishni amalga oshirish.

7.1.4. Sug‘urtalovchi/Naf oluvchi bilan kelishuvga binoan, sug‘urta shartnomasiga qo‘shimcha bitimni imzolash yo‘li bilan o‘zgartirishlarni va/yoki qo‘shimchalarni kiritish.

7.1.5. Sug‘urtalovchini/Naf oluvchini albatta xabardor qilgan holda sug‘urta shartnomasini muddatidan ilgari bekor qilish.

7.2. Sug‘urta qildiruvchi quyidagilarga majbur:

7.2.1. Sug‘urtalovchi talab qilgan hujjatlarni, jumladan garov, kredit va transport vositasini olish bo‘yicha tegishli shartnomalarni taqdim etishi shart. Avtotransport vositasi harid qilinganidan va rasmiylashtirilganidan so‘ng Sug‘urta qildiruvchi (Naf oluvchi) tomonidan avtotransport vositasining texnik pasporti nusxasi 5 (besh) kunlik muddatda Sug‘urtalovchiga taqdim etilishi shart.

7.2.2. Sug‘urta mukofotini sug‘urta shartnomasida belgilangan tartib va muddatlarda to‘lash.

7.2.3. Sug‘urtalovchiga sug‘urtalash obyekti to‘g‘risida to‘liq va haqqoniy axborotni berish.

7.2.4. Sug‘urta shartnomasining amal qilishi davrida Sug‘urta qildiruvchi yoki Naf oluvchi ularga ma’lum bo‘lishi bilan darhol, lekin ko‘pi bilan 5 bank kuni ichida, Sug‘urtalovchiga sug‘urta obyektiga tegishli bo‘lgan barcha jiddiy o‘zgarishlar to‘g‘risida, agar ushbu o‘zgarishlar sug‘urta qilish tavakkalchiligining ortishiga jiddiy ta’sir etishi mumkin bo‘lsa, jumladan quyidagilar haqida xabar berishi shart:

- sug‘urtalangan avtotransport vositasini va (yoki) uning qo‘shimcha jihoz-uskunalari va anjomlarini ishonchnoma yoki ijara (prokat) shartnomasi bo‘yicha berish;

- avtotransport vositasiga bo‘lgan mulk huquqining boshqa shaxsga o‘tishi;

- arizada ko‘rsatilgan transport vositasidan foydalanish maqsadlarining o‘zgarishi;

- qo‘shimcha gaz jihoz-uskunalarini o‘rnatish;

- avtotransport vositasini YHXB organlarida ro‘yxatdan olish yoki qayta ro‘yxatdan o‘tkazish;

- sug‘urtalangan avtotransport vositasi uchun ro‘yxat hujjatlari, avtotransport vositasining kalitlari, signalizatsiyani boshqarish pulti, ro‘yxat (raqam) belgilarining yo‘qotilishi yoki o‘g‘irlanishi.

7.2.5. Sug‘urta obyektlarini ko‘zdan kechirish uchun imkoniyat berish.

7.2.6. Sug‘urtalangan avtotransport vositasi o‘g‘irlangan holda Sug‘urta qildiruvchi/Naf oluvchi:

a) zudlik bilan, lekin hodisa yuzaga kelishi paytidan ko‘pi bilan 24 soat ichida, Sug‘urtalovchiga yoki uning vakiliga hodisa joyini aniq ko‘rsatgan holda bildirish. Bildirishdan keyin 72 (yetmish ikki) soat ichida Sug‘urta qildiruvchi/Naf oluvchi Sug‘urtalovchiga hodisaning sabablari va holatlari bayon etilgan xabarnomani yozma shaklda (faks yoki boshqa shaklda) yuborishi lozim;

b) zudlik bilan yuz bergan voqea to‘g‘risida huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berish;

v) Sug‘urtalovchiga tergov organlari tomonidan tasdiqlangan ushbu hodisa bo‘yicha jinoiy ishning qo‘zg‘atilishi yoki to‘xtatilishi to‘g‘risida, yoki ishni sudga jo‘natish to‘g‘risidagi qarorlarining nusxalarini taqdim etish.

7.2.7. Avtotransport vositasi avariya (YTH), portlash, yong‘in, buyumlarning zarbasi, uchinchi shaxslarning noqonuniy harakatlari, tabiiy ofatlar natijasida nobud bo‘lishi yoki shikastlanishi holatida:

a) Sug‘urtalovchiga 8.2.6.(a) bandiga muvofiq tegishli xabar bildirish;

b) zudlik bilan YHXB organlariga yuz bergan hodisa to‘g‘risida xabar berish va albatta voqea joyida YTH holati bo‘yicha bayonnoma yoki ma’muriy dalolatnoma tuzilishini talab qilish;

v) Sug‘urtalovchiga shikastlangan avtotransport vositasini ko‘zdan kechirish uchun taqdim etish, avtotransport vositasining barcha shikastlangan qismlarining fotosuratlarini olish yoki video suratga olish, Sug‘urtalovchi bilan avtotransport vositasini ta’mirlash ishlarini bajarish boshlanishigacha o‘zining keyingi harakatlarini kelishib olish;

g) Sug‘urtalovchiga barcha ishlar, ehtiyot qismlar va materiallar ro‘yxati ko‘rsatilgan ta’mirlashni bajarish uchun kalkulyatsiyalarning nusxalarini taqdim etish;

d) Sug‘urtalovchiga tergov organlari tomonidan tasdiqlangan ushbu hodisa bo‘yicha jinoiy ishning qo‘zg‘atilishi yoki to‘xtatilishi to‘g‘risida, yoki ishni sudga jo‘natish to‘g‘risidagi qarorlarining nusxalarini taqdim etish.

ye) avtotransport vositasini qismlarga ajratishda va ta’mirlashda yashirin nuqsonlar aniqlangan holda, ushbu nuqsonlar bartaraf etilishidan avval Sug‘urtalovchini yozma tarzda ogohlantirish. Bu holda shikastlangan detallarning fotosuratlari olinadi va qo‘shimcha dalolatnoma tuziladi.

7.2.8. Sug‘urtalovchiga sug‘urta shartnomasining amal qilishi davri mobaynida sug‘urtalangan avtotransport vositasining holatini, shuningdek Sug‘urta qildiruvchi tomonidan avtotransport vositasi to‘g‘risida bildirilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirish imkonini berish.

7.2.9. Olgan kreditni sug‘urtalovchiga taqdim etilgan arizada va kredit shartnomasida ko‘rsatilgan maqsadlargagina ishlatish;

7.3. Sug‘urtalovchi quyidagi huquqlarga ega:

7.3.1. Sug‘urta shartnomasining amal qilishi davrida sug‘urtalangan avtotransport vositasining holatini (3-ilova) va qiymatini, shuningdek Sug‘urta qildiruvchi tomonidan avtotransport vositasi to‘g‘risida bildirilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirish.

7.3.2. Sug‘urta qildiruvchidan sug‘urta hodisasi to‘g‘risidagi yozma xabarnomani kutmay, sug‘urta hodisasi bilan yetkazilgan zararlarni ko‘rib chiqishga va baholashga kirishish.

7.3.3. Sug‘urta hodisasi yuzaga kelganda tavakkalchilikning darajasini tavsiflaydigan qo‘shimcha hujjatlarni talab qilish.

7.3.4. Sug‘urta hodisasi yuzaga kelganligi holatini va sabablarini tasdiqlovchi to‘liq ma’lumot va kerakli hujjatlar olinishigacha, shuningdek hodisa yuzaga kelishi holati bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilishi holatida - vakolatli organlar tomonidan tegishli qaror qabul qilinishi paytigacha sug‘urta tovonini to‘lashni kechiktirish.

7.3.5. Agar u sug‘urta tavakkalchiligining ortishiga olib keluvchi holatlar to‘g‘risida xabardor etilgan bo‘lsa, o‘zaro qo‘shimcha bitimni imzolash orqali sug‘urta shartnomasining shartlarini o‘zgartirish yoki sug‘urta shartnomasini bekor qilish.

7.3.6. Regress tartibida sug‘urta puli (undirilganda) undirish belgilangan, qarzdorning hisob varag‘idan aktsepsiz tartibda pul mablag‘lari undirib olinadi.

7.4. Sug‘urtalovchi quyidagilarga majbur:

7.4.1. Sug‘urta polisini ushbu shartnomada belgilangan muddatda berish.

7.4.2. Barcha kerakli hujjatlar olinishidan va sug‘urta hodisa yuzaga kelganligi holati e’tirof etilganidan keyin 10 kunlik muddatda sug‘urta tovonini to‘lash.

7.4.3. Sug‘urta qildiruvchi, Naf oluvchi bilan munosabatlarda maxfiylikni ta’minlash.

7.4.4. Sug‘urta tovonini to‘lashdan avval Naf oluvchini bu haqda yozma ogohlantirish.

7.5. Naf oluvchi quyidagi huquqlarga ega:

7.5.1. Sug‘urta tovoni summasidan o‘z talablarini ustuvor tarzda, lekin Sug‘urta qildiruvchining qarz bo‘yicha Naf oluvchining oldida qarzdorligi summasidan oshmagan holda qondirish.

7.6. Naf oluvchi quyidagilarga majbur:

7.6.1. Sug‘urtalovchini kredit shartnomasining uzaytirilishi to‘g‘risida, shuningdek Sug‘urta qildiruvchi tomonidan kreditning muddatidan ilgari qoplanishi to‘g‘risida xabardor etish.

8-BO‘LIM. SUG‘URTA DA’VOSINI KO‘RIB CHIQISH

8.1. Ushbu Shartnoma doirasida sug‘urta tovonini to‘lash haqida Sug‘urtalovchiga qo‘yiladigan talabga asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan, 3.1-bandining «a» kichik bandida ko‘rsatilgan hodisa yuz berganida Sug‘urta qildiruvchi quyidagilarni bajarishi shart:

- darhol, lekin 72 (yetmish ikki) soatdan kechiktirmasdan Sug‘urtalovchini bu haqda xabardor qilishi va voqea sodir bo‘lgandan keyin 5 (besh) ish kuni ichida Sug‘urtalovchiga voqea joyi, sababi va tavsilotlari ko‘rsatilgan yozma xabarnomani yo‘llashi;

- Sug‘urtalovchiga zarar yetkazilganligi fakti va miqdorini aniqlashga imkon beruvchi hujjatlarni (Sug‘urta qildiruvchi va Qarz oluvchi o‘rtasida kreditni so‘ndirish hisobiga amalga oshirilgan to‘lovlar miqdori haqida solishtirma dalolatnomalarini, Qarz oluvchi tomonidan kreditni so‘ndirish hisobiga o‘tkazilgan pul mablag‘lari haqidagi to‘lov topshiriqlarining nusxalarini) taqdim etishi.

- Qarz oluvchi Sug‘urtalovchi tomonidan talab qilinadigan hujjatlarni o‘z vaqtida taqdim etishida Sug‘urta qildiruvchiga yordam berishi shart.

8.2. Sug‘urta qildiruvchi tomonidan 3.1-bandining «a» kichik bandi bo‘yicha sug‘urta tovonini to‘lashni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, Sug‘urta qildiruvchiga u tomondan ariza topshirilgan kundan e’tiboran 15 (o‘n besh) kun ichida rad etish sabablari asoslangan holda yozma bildirishnoma yuboriladi.

8.3. Ushbu Shartnoma doirasida Sug‘urtalovchiga sug‘urta tovonini to‘lash bo‘yicha asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan, 3.1-bandning «b» kichik bandida ko‘rsatilgan hodisa yuz berganida Qarz oluvchi/Haydovchi:

Sug‘urta tovonini to‘lash haqidagi arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi kerak:

a) sug‘urta polisi;

b) haydovchilik guvohnomasining nus'hasi (zarur holatlarda sug‘urtalovchining talabiga asosan asl hujjat taqdim qilinadi);

v) transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnomaning nus'hasi (zarur holatlarda sug‘urtalovchining talabiga asosan asl hujjat taqdim qilinadi) yoki agar TV hali ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bo‘lsa, qayd etilgan dillerning schot-ma’lumotnomasi;

g) ishonchnoma yoxud transport vositasini boshqarish huquqini taqdim etuvchi boshqa hujjat;

d) hodisa sabablari va holatlari ko‘rsatilgan holda yuz bergan hodisa holatlari yuzasidan tekshirishni o‘tkazishga haqli bo‘lgan vakolatli organlardan olingan materiallar (jinoyat ishi yoki ma’muriy ish qo‘zg‘atilganligi to‘g‘risidagi qaror, haydovchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi (xaydovchi mast emasligi xakidagi) ma’lumotnoma, haydovchilar pasportlarining nusxalari va boshqalar);

ye) baholash faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan baholash tashkiloti tomonidan barcha ishlar ro‘yxati, ehtiyot qismlar va materiallar ko‘rsatilgani holda tuzilgan moddiy zararni baholash kalkulyatsiyasi, bunda uni o‘tkazilishi bilan bog‘liq xarajatlar Sug‘urtalovchi tomonidan qoplanmaydi;

j)sug‘urta tovonini to‘lash va zarar miqdorini aniqlash masalasini hal qilish uchun Sug‘urtalovchi tomonidan talab qilingan boshqa zarur hujjatlar.

Ushbu Shartnomaning 8.3-bandi «a» - «ye» kichik bandlarida nazarda tutilgan hujjatlar ulardan ko‘chirma nusxa olinganidan va ularning asl ekanligi tasdiqlanganidan keyin Sug‘urta qildiruvchiga (yoki taqdim qilgan boshqa shaxsga) qaytarib beriladi.

Sugurta tovoni tulash buyicha davo ishi mijoz arizani 8.3 bandda kursatilgan xujjatlarni ilova kilgan xolda takdim etgan sanadan uzogi bilan 15 kun ichida ko‘rib chiqiladi. Ariza boshka hujjatlari to‘liq bo‘lmasa qabul qilinmaydi.

8.4. Sug‘urta qildiruvchi tomonidan yuz bergan har qanday yo‘qotishlar va/yoki shikastlanishlar haqida xabar berilganida Sug‘urtalovchi da’volarni ko‘rib chiqish va yuz bergan hodisaning turi, sabablari va holatlarini to‘liq o‘rganish uchun o‘z xodimini yoki boshqa shaxsni yo‘llashga haqli.

8.5. Barcha zarur hujjatlar olinganidan va mazkur hodisaga taalluqli barcha holatlar o‘rganilganidan keyin Sug‘urtalovchi tomonidan yuz bergan hodisani sug‘urta hodisasi deb topish yoki tan olmaslik haqidagi qaror chiqariladi.

8.6. Sug‘urtalovchining sug‘urta tovonini to‘lashni rad etish yoki to‘lash haqidagi qarori Sug‘urta qildiruvchiga uning sug‘urta tovonini to‘lab berish haqidagi yozma murojaatidan keyin o‘n besh kundan kechikmay xabar qilinishi va rad etilganida rad etishning asoslangan sabablarini ichiga olishi kerak. Transport vositasi olib qochilganida olib qochish fakti bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan kundan e’tiboran 3 (uch) oy o‘tgach sug‘urta hodisasi yuzaga keladi.

8.7. Agar sug‘urta hodisasi yuzaga kelganligi fakti bo‘yicha jinoyat ishi, fuqarolik ishi yoki ma’muriy javobgarlikka tortish to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, Sug‘urtalovchi sug‘urta tovonini to‘lash haqidagi masalani hal etishni vakolatli organlar tomonidan tegishli qaror qabul qilinishi paytiga qadar kechiktirish huquqiga ega.

8.8. Sug‘urta hodisasi yuz berganligini, shuningdek unga yetkazilgan zararlarni isbotlash Sug‘urta

qildiruvchi va Qarz oluvchi zimmasiga yuklatiladi.

8.9. Sug‘urta voqeasining xarakteri va holatlariga bog‘liq ravishda Sug‘urtalovchi yuz bergan hodisani

ushbu Shartnomaning 8-bo‘limida ko‘rsatilgan hujjatlarning to‘liq ro‘yxatini talab qilmagan holda sug‘urta hodisasi deb topish yoki tan olmaslik haqida (yoki sug‘urta tovonini to‘lashni rad etish haqida) qaror qabul qilish huquqiga ega.

9-BO‘LIM. SUG‘URTA TOVONINI TO‘LASH

9.1. Ushbu Shartnomaning 3.1-bandi «a» kichik bandida nazarda tutilgan sug‘urta hodisasi yuz berganida sug‘urta tovoni Sug‘urta qildiruvchiga Qarz oluvchining kreditning asosiy qismi va hisoblangan foizlar bo‘yicha Sug‘urta polisida ko‘rsatilgan sug‘urta amal qilishi davrida yuzaga kelgan to‘lov muddati o‘tib ketgan qarzdorligi summasidan oshmaydigan miqdorda to‘lanadi.

Bunda sug‘urta tovoni summasi kreditning asosiy qarz va hisoblangan foizlar summasini to‘lashga yo‘naltirilgan pul mablag‘lari summasini va Kredit shartnomasi bo‘yicha amalga oshirilgan boshqa ta’minotlar summasini chiqarib (ayirib) tashlagan holda amalda olingan kredit summasi o‘rtasidagi farq sifatida aniqlanadi.

9.2. Ushbu Shartnomaning 3.1-bandi «b» kichik bandida nazarda tutilgan sug‘urta hodisasi yuz berganida sug‘urta tovoni Qarz oluvchi yoki Sug‘urta qildiruvchiga (oxirgisining tanloviga ko‘ra) quyidagi shartlarga rioya qilingan holda to‘lanadi:

- Sug‘urta qilingan TV o‘g‘irlanganida yoki to‘liq nobud bo‘lganida – ushbu Shartnoma doirasida ilgari to‘langan barcha sug‘urta to‘lovlarini (agar to‘lovlar amalga oshirilgan bo‘lsa) chiqarib tashlangan holda sug‘urta puli doirasida;

- Sug‘urta qilingan TV shikastlanganida – baholash faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega baholash tashkiloti tomonidan tuzilgan moddiy zararni baholashga doir naryad-buyurtma/kalkulyatsiya summasida, ammo ushbu Shartnoma shartlariga va ushbu Shartnomaning 4.5-bandida nazarda tutilgan xarajatlarga ko‘ra ilgari amalga oshirilgan sug‘urta to‘lovlari ayirib tashlagan holda sug‘urta pulidan ortiq bo‘lmagan miqdorda.

Sug‘urta tovoni miqdori sug‘urta shartnomasida/polisida belgilangan sug‘urta puli summasidan oshmasligi lozim.

Sug‘urta tovoni summasiga kiritilmaydi:

-ishlab chiqaruvchi zavod tomonidan chiqarilgan brak;

-avtotransport vositasiga texnik xizmat ko‘rsatish va kafolatli ta’mirlash qiymati;

-avtotransport vositasining rekonstruksiyasi, uning qismlarini, detallari va anjomlarini eskirganligi, texnik brak va hokazolar tufayli ta’mirlash (almashtirish) bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarning qiymati;

- sug‘urta hodisasi sodir bo‘lishi natijasida transport vositasiga yetkazilgan zararni baholash faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega baholovchi tashkilot amalga oshirgan baholash bilan bog‘liq xarajatlar qoplanmaydi;

9.3. Agar ushbu Shartnoma bo‘yicha sug‘urta puli sug‘urta qilingan TV ning Sug‘urta shartnomasi tuzilgan sanasidagi sug‘urta qiymatidan past belgilangan bo‘lsa, Sug‘urtalovchi sug‘urta hodisasi yuz berganida Sug‘urta qildiruvchiga/Qarz oluvchiga yetkazilgan zararlar o‘rnini O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 936-moddasiga ko‘ra sug‘urta pulining sug‘urta qiymatiga nisbatiga proporsional ravishda qoplab beradi. Agar sug‘urta qiymati belgilanmagan yoki noto‘g‘ri ko‘rsatilgan bo‘lsa sug‘urta qiymati transport vositasining haqiqiy qiymatidan kelib chiqib hisoblanadi. Shuningdek yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lganda boshqa shaxslardan undirilgan sug‘urta tovoni chegirilib, qolgan zarar miqdori sug‘urta pulining sug‘urta qiymatiga nisbatiga proporsional ravishda qoplab beriladi.

9.4. Agar sug‘urta hodisasi to‘lash muddati o‘tib ketgan navbatdagi sug‘urta badali to‘lanishiga qadar yuzaga kelgan bo‘lsa, Sug‘urtalovchi mol-mulkni sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urta tovonining to‘lanishi kerak bo‘lgan miqdorini yoki shaxsiy sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urta pulini unga to‘langan sug‘urta mukofotining qismiga mutanosib bo‘lgan summa bilan cheklashga va to‘lanishi kechiktirilgan sug‘urta badali summasini hisobga olishga haqli.

9.5. Ushbu Shartnoma bo‘yicha sug‘urta tovonini to‘lash sug‘urta hodisasi e’tirof etilgan va Sug‘urta hodisasi to‘g‘risida dalolatnoma imzolangan kundan e’tiboran o‘n kun ichida pul mablag‘larini oluvchining bank hisob raqamiga o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Sug‘urtalovchining bankdagi hisob raqamiga pul mablag‘lari o‘tkazilgan kun sug‘urta tovoni to‘langan kun deb hisoblanadi.

9.6. Agar zarar summasi sug‘urta hodisasi yuzaga kelishida aybdor bo‘lgan shaxs tomonidan to‘liq qoplangan va/yoki qoplanayotgan bo‘lsa, Sug‘urta qildiruvchi/Qarz oluvchi sug‘urta tovoniga bo‘lgan o‘z huquqini yo‘qotadi.

9.7. Sug‘urta qilingan TV ga yetkazilgan zararni o‘rnini qoplash yuzasidan Sug‘urtalovchi tomonidan amalga oshirilgan sug‘urta tovonining har bir to‘lovi, agar Sug‘urta qildiruvchi tomonidan sug‘urta pulini tiklash uchun qo‘shimcha sug‘urta mukofoti to‘lanmasa, sug‘urta pulini (Sug‘urtalovchi majburiyatlarining limitini) bunday to‘lov summasiga kamaytiradi.

9.8. Sug‘urta tovoni to‘lanishi oqibatida Sug‘urtalovchi majburiyatlari limitini kamayishi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 936-moddasi talablarini inobatga olgan holda keyingi sug‘urta tovonini to‘lash uchun asos bo‘lmaydi.

9.9. Sug‘urta qilingan TV ga yetkazilgan zararni o‘rnini qoplash yuzasidan sug‘urta tovoni to‘langan taqdirda, Sug‘urtalovchi sug‘urta qilingan TV ning shikastlangan qismini talab qilib olish huquqiga ega.

9.10. Sugurta kilingan TV bank garovida bo‘lsa bank sug‘urta tovoni to‘lash davosi bilan ariza berish hukukiga egadir va to‘lab beriladigan sug‘urta tovoni sug‘urtalovchi bilan kelishgan holda bank kreditini koplash uchun yunaltiriladi.

10-BO‘LIM. SUBROGATSIYA

10.1. Kredit shartnomasiga ko‘ra kreditni so‘ndirish majburiyatini olgan Qarz oluvchidan talab qilish huquqi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 957-moddasiga muvofiq ushbu Shartnomaning 3.1-bandi «a» kichik bandida nazarda tutilgan sug‘urta hodisasi natijasida yuz bergan Sug‘urta qildiruvchining zararini qoplash hisobiga sug‘urta tovonini to‘liq yoki qisman to‘lagan Sug‘urtalovchiga u tomondan to‘langan summa doirasida o‘tadi.

10.2. Yetkazilgan zararda aybdor bo‘lgan shaxsga nisbatan talab qilish huquqi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 957-moddasiga muvofiq ushbu Shartnomaning 3.1-bandi «b» kichik bandida nazarda tutilgan sug‘urta hodisasi natijasida sug‘urta qilingan TV ga yetkazilgan zararni qoplash hisobiga sug‘urta tovonini to‘liq yoki qisman to‘lagan Sug‘urtalovchiga u tomondan to‘langan summa doirasida o‘tadi, bundan Qarz oluvchi yoki sug‘urta qilingan TV ni boshqarish belgilangan tartibda ruxsat berilgan boshqa shaxslar aybdor shaxs bo‘lgan hollar mustasno.

10.3. Sug‘urta qildiruvchi va/yoki Qarz oluvchi Sug‘urtalovchiga barcha hujjatlar va dalillarni berishi hamda Sug‘urtalovchi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 957-moddasi talablariga binoan unga o‘tgan huquqni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan barcha ma’lumotlarni Sug‘urtalovchiga xabar qilishi shart.

10.4. Agar Qarz oluvchi yoki sug‘urta qilingan TV ni boshqarish ruxsat berilgan boshqa shaxs Sug‘urtalovchi tomonidan qoplangan zararda aybdor bo‘lgan shaxsga nisbatan talab qilish huquqidan voz kechsa yoki ushbu huquqni amalga oshirish ularning aybi bilan mumkin bo‘lmasa, Sug‘urtalovchi sug‘urta tovonini to‘lashdan to‘liq yoki tegishli qismida ozod etiladi va sug‘urta tovonining to‘langan summasi qaytarib berilishini talab qilishga haqli.

11-BO‘LIM. SHARTNOMANI BЕKOR QILINISHI VA TUGATILISHI

11.1. Ushbu Shartnoma taraflardan birining yozma arizasiga ko‘ra bekor qilinishi mumkin. Ushbu Shartnomani bekor qilish uchun barcha taraflarning roziligi talab qilinadi, bunda ushbu Shartnoma uni bekor qilish haqidagi kelishuv imzolangan kunning ertasiga bekor qilingan deb hisoblanadi.

11.2. Sug‘urta qildiruvchi va Naf oluvchi ushbu Shartnomani muddatidan ilgari bekor qilgan taqdirda, Sug‘urtalovchiga to‘langan sug‘urta mukofoti qaytarilmaydi.

11.3. Ushbu Shartnoma quyidagi hollarda tugatiladi:

a) amal qilish muddati tugaganida;

b) Sug‘urtalovchi tomonidan majburiyatlar to‘liq hajmda bajarilganida;

v) O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.

12-BO‘LIM. TARAFLARNING JAVOBGARLIGI

12.1. Taraflar o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarmaganliklari yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladi.

12.2. Sug‘urta mukofoti o‘z vaqtida to‘lanmagan taqdirda, Sug‘urtalovchi Sug‘urta qildiruvchiga har bir kechiktirilgan kun uchun to‘lanmagan sug‘urta mukofoti summasidan 0,1% miqdorida, lekin kechiktirilgan summasining 10% idan ko‘p bo‘lmagan miqdorda penya hisoblashga haqli.

12.3. Sug‘urta tovonini to‘lash muddatiga amal qilinmaganda, Sug‘urtalovchi har bir kechiktirilgan kun uchun 0,1% miqdorda, lekin sug‘urta tovoni summasining 10% idan ko‘p bo‘lmagan miqdorda penya to‘laydi. Penyaning to‘lanishi Sug‘urtalovchini sug‘urta tovonini to‘lash majburiyatidan ozod qilmaydi.

12.4. Sug‘urtalovchi, Sug‘urta qildiruvchi va Qarz oluvchi ma’lumotlarni oshkor qilmaslik haqida javobgar bo‘ladi va ushbu Shartnoma, ilovalar va mazkur Shartnoma bilan bog‘liq boshqa hujjatlarning mazmunini tegishli tarafning dastlabki tarzda olingan yozma roziligisiz har qanday uchinchi tarafga oshkor qilmaydi.

13-BO‘LIM. FORS-MAJOR HOLATI

13.1. Taraflar fors-major holatlar amal qilishi davrida ushbu Shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini qisman yoki to‘liq bajarmaganliklari uchun javobgar bo‘lmaydi.

13.2. Fors-major holatlarga tabiiy hodisalar (zilzilalar, yer ko‘chishlari, dovullar, qurg‘oqchiliklar va Shartnomada nazarda tutilmagan sanab o‘tilmagan boshqa tabiiy ofatlar) yoki ijtimoiy-iqtisodiy holatlar (harbiy harakatlar, ish tashlashlar, qamallar, davlat tashkilotlari tomonidan qo‘yilgan yoki davlatlar o‘rtasidagi cheklovchi va taqiqlovchi chora-tadbirlar, shuningdek hukumat qarorlari va boshqalar), agar ular Shartnomani bajarilishiga bevosita ta’sir qilgan bo‘lsa) keltirib chiqargan favqulodda, bartaraf qilib bo‘lmaydigan va ushbu sharoitlarda nazarda tutib bo‘lmaydigan holatlar taalluqli bo‘ladi.

13.3. Fors-major holatlar yuzaga kelgan taqdirda, taraflar tomonidan majburiyatlarni bajarilishi muddati fors-major holatlar amal qiladigan vaqtga mutanosib ravishda keyinga qoldiriladi. Bunda Taraflar belgilangan tartibda ushbu Shartnoma bo‘yicha majburiyatlarning bajarilgan va bajarilmagan qismlar bo‘yicha yakuniy hisob-kitobni amalga oshiradi.

14-BO‘LIM. BOSHQA SHARTLAR

14.1. Ushbu Shartnoma shartlarini o‘zgartirish taraflarning kelishuvi bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin. Ushbu Shartnoma shartlarini o‘zgartirish haqidagi bitim yozma shaklda amalga oshiriladi.

14.2. Ushbu Shartnomaning shartlari o‘zgargan taqdirda, majburiyatlar ushbu Shartnoma o‘zgarganligi haqidagi yozma kelishuvda bayon qilingan sanadan e’tiboran o‘zgartirilgan deb hisoblanadi. Mazkur shartnoma buyicha shartsiz franshiza miqdori o‘ttiz foizni tashkil qiladi.

14.3. Ushbu Shartnoma bo‘yicha huquq va majburiyatlarni Taraflarning yozma roziligisiz uchinchi shaxslarga berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

14.4. Ushbu Shartnomada bayon qilinmagan barcha holatlarda Taraflar O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida», «Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi boshqa qonun hujjatlariga amal qiladilar.

14.5. Ushbu Shartnomadan kelib chiqadigan barcha nizolar va kelishmovchiliklar muzokaralar yo‘li bilan, kelishuvga erishilmagan taqdirda esa sud tartibida hal qilinadi.

14.6. Shartnoma Taraflari, shuningdek har bir tarafning vakillari yoki xodimlari ushbu Shartnoma yuzasidan firmaga taalluqli yoki oshkor qilinmaydigan axborotni har bir tarafning dastlabki tarzda olingan yozma roziligisiz ochib bermaydi.

14.7. Ushbu Shartnoma 3 (uch) nusxada tuzilgan bo‘lib, ular Sug‘urtalovchi, Sug‘urta qildiruvchi va Qarz oluvchida bittadan nusxada saqlanadi va bir xil yuridik kuchga ega.


Sug‘urtalovchining rekvizitlari:

To‘liq nomlanishi: “MY-INSURANCE” AJ ST

2022 yil 25 fevraldagi SF seriya 00037-sonli O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligining litsenziyasi

Pochta manzili: O‘zbekiston Respublikasi, 100015, Toshkent, Mirobod tumani, Kichik Mirobod ko‘chasi, 95 uy

Telefon: +998 71 205-19-19

Elektron pochta: info@.myinsurance.uz

Made on
Tilda